1

EXHT va O`zbekiston ochiq ma`lumotlar va raqamli vositalardan foydalanish orqali korrupsiyaga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirmoqda

Jamiyat 18.11.2021, 23:24
EXHT va O`zbekiston ochiq ma`lumotlar va raqamli vositalardan foydalanish orqali korrupsiyaga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirmoqda

Kecha, 17 noyabr kuni Evropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raxbariyati bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Unda tomonlar o`rtasida o`zaro anglashuv Memorandumi imzolandi. 

Ushbu memorandum orqali EXHTning Iqtisodiy va ekologik faoliyati bo`yicha muvofiqlashtiruvchi idorasi va O`zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashish va davlat boshqaruvi organlari faoliyatining shaffofligini oshirish borasida qo`shma tadbirlarni amalga oshiradi.

Ma`lumot uchun: Memorandum EXHTning iqtisodiy va ekologik faoliyat buyicha koordinatori Igli Xasani va O`zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov tomonidan imzolandi. Memorandum doirasidagi tadbirlar «Raqamlashtirish va ochiq ma`lumotlardan foydalanish orqali EXHT mintaqasida samarali boshqaruv va ijobiy biznes muhitini rag`batlantirish» loyihasi doirasida amalga oshiriladi.

Anglashuv memorandumi EXHT va O`zbekiston o`rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga, ochiq ma`lumotlar va raqamlashtirish orqali mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha olib borilayotgan siyosat va islohotlarni qo`llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Memorandum ochiq ma`lumotlar bo`yicha o`quvlarni tashkil etish hamda amaldagi qonunchilikni takomillashtirish orqali davlat organlari faoliyatining shaffofligini ta`minlash va davlat xizmatchilarining salohiyatini oshirishga qaratilgan. 

Bundan tashqari, uchrashuvda agentlik direktori A.Burxanov xorijlik hamkasblariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va keyingi yillarda O`zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida korrupsiyaga qarshi kurashishning tarkibiy va huquqiy mexanizmlari takomillashtirilgani haqida ma`lumot berdi. Shuningdek, u ochiq hukumat ma`lumotlari bo`yicha xalqaro tamoyillarni tadbiq etish taklifini qo`llab-quvvatladi va davlat muassasalari va tashkilotlarida shaffoflik va javobgarlikni oshirish uchun ochiq ma`lumotlar sohasidagi tashabbuslarini kengaytirishni taklif qildi.

Elchi Xasani ochiq ma`lumotlar va samarali boshqaruv bo`yicha birgalikdagi sa`y-harakatlar orqali EXHT barqaror institusional salohiyatni shakllantirishga, mintaqamizdagi biznes va sarmoyaviy muhitni yaxshilash uchun mavjud tajriba tarmoqlarini mustahkamlashga va yangi tajriba tarmoqlarini yaratishga yordam berishini ta`kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish sohasida birgalikdagi sa`y-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1