AsosiyJamiyat

Senat: xotin-qizlar huquqlarini kafolatlovchi yana bir qonun ma`qullandi

'Senat: xotin-qizlar huquqlarini kafolatlovchi yana bir qonun ma`qullandi'ning rasmi

Senatning yigirma birinchi yalpi majlisida “Og`ir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatlarini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo`shimcha va o`zgartishlar kiritish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar bermoqda. 

Qonun bilan “Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari to`g`risida”, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo`ravonlikdan himoya qilish to`g`risida” hamda “Aholini ro`yxatga olish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunlariga tegishli o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilmoqda.

Qonunga kiritilayotan o`zgarishlarga mufoviq mahalla fuqarolar yig`inlari tazyiq va zo`ravonlikka uchragan, ularga murojaat qilgan xotin-qizlarni himoya qilishga doir chora-tadbirlarni belgilash, shuningdek, mazkur holatlar to`g`risida tegishli ayollarni reabilitasiya qilish
va moslashtirish markazlari, ichki ishlar organlarini zudlik bilan xabardor etish, mahalla hududida tazyiq va zo`ravonlik qilgan yoki qilishga moyilligi bo`lgan shaxslarni aniqlash, ular bilan olib boriladigan profilaktik ishlarda ishtirok etish vakolatlariga ega bo`ladi.

Shu bilan birga, mehnat organlarining xotin-qizlarni tazyiq va zo`ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari kengaytirilmoqda. Unga ko`ra, endilikda mehnat organlari ish qidirayotgan va og`ir ijtimoiy ahvolda qolgan, oilaviy muammolar va zo`rlik ishlatilishiga duch kelgan xotin-qizlar bandligini ta`minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish va kasbga yo`naltirish choralarini ko`radi. 

Ta`kidlanishicha, Sog`liqni saqlash vazirligiga tazyiq va zo`ravonlikdan jabrlanuvchilar hamda ularning bolalari, ayollarni reabilitasiya qilish va moslashtirish markazlariga keltirilgan jabrlanuvchilar hamda ularning bolalariga birlamchi tibbiy yordam ko`rsatish, tibbiy ko`rikdan o`tkazish, bepul davolash chora-tadbirlarini amalga oshirish qonun bilan mustahkamlanmoqda. 

Qonunning qabul qilinishi og`ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga yordam ko`rsatish va ularni qo`llab-quvvatlashning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga, manzilli yordam ko`rsatish ishlarini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maqullandi.

    Boshqa yangiliklar