Bugun tibbiyot tizimida ijobiy o`zgarishlar bilan bir qatorda echimini kutayotgan muammo va kamchiliklar talaygina. Shu sababli ayni paytda Sog`liqni saqlash vazirligi ishchi guruhi tomonidan ana shunday holatlar atroflicha o`rganilib, ularni zudlik bilan bartaraf etish choralari ko`rilmoqda, deya xabar bermoqda SSV Matbuot xizmati.
Xususan, o`rganishlar davomida bemorlarning shifokor qabuliga uzoq navbat kutishi, tibbiyot xodimlarining ortiqcha qog`ozbozliklar bilan bog`liq yuklamalari ko`pligi kabi kamchiliklar qatorida joylardagi aksariyat davolash-profilaktika muassasalarida sanitariya-gigiena me`yorlariga etarli darajada e`tibor berilmayotgani ma`lum bo`lgan.
Qolaversa, hududlardagi bir qator shifo maskanlarida parazitar va yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish, sanitariya qoidalari va gigiena normalariga amal qilinishini ta`minlash, fuqarolar uchun bu borada zarur shart-sharoit yaratish bo`yicha ishlar jiddiy oqsayotgani aniqlangan. Bu esa tabiiyki, fuqarolarning haqli e`tirozlariga sabab bo`lmoqda, deyladi SSV ma`lumotida.
Shundan kelib chiqqan holda Sog`liqni saqlash vaziri B. Musaev tizimdagi barcha muassasa rahbarlariga mazkur yo`nalishdagi muammolarni zudlik bilan bartaraf etish bo`yicha tegishli ko`rsatma bergan.
Unga ko`ra, vazirlik tasarrufidagi barcha davolash-profilaktika muassasalarida 3 kun ichida tegishli talablarga javob bermaydigan sanitariya-gigiena xonalarini ta`mirdan chiqarish, barcha zarur tozalik vositalari (sovun, suyuq sovun, bir martalik qog`oz sochiq, urna va boshqa tozalash anjomlari) bilan doimiy ta`minlash bo`yicha mas`ullarga zarur topshiriqlar bergan.
Shuningdek, endilikda davolash-profilaktika muassasalari faoliyati samaradorligini baholashda ulardagi sanitariya-gigiena holati ham alohida mezon sifatida belgilanadigan bo`lgan.
Ta`kidlanishicha, bugun vazirlik tizimida jami 3365 ta muassasa faoliyat ko`rsatmoqda.
Jumladan, ularning:
- 207 tasini tuman va shahar tibbiyot birlashmasi,
- 208 tasini ko`p tarmoqli markaziy poliklinika,
- 995 tasini oilaviy poliklinika,
- 863 tasini oilaviy shifokor punkti,
- 11 tasini oliy ta`lim muassasasi,
- 75 tasini o`rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash ta`lim muassasasi tashkil etmoqda.