Bugungi kunda xorijda ko`plab yurtdoshlarimiz vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda va ularning ko`pchiligi Rossiya Federasiyasi ulushiga to`g`ri keladi. Afsuski, ish jarayonida turli baxtsiz holatlar yuz berishi va ba`zan bu o`lim bilan ham tugashi mumkin. Ammo, ish joyidagi o`lim yoki shikastlanish ish beruvchining aybi bilan sodir bo`lsa, marhumning qarindoshlari kompensasiya olish huquqiga ega ekanidan ko`pchilik xabardor emas.
Shu bilan birga, mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish maqsadida Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi xorijiy advokatlik tashkilotlari (Rossiyada 18 ta, Qozog`istonda 4 ta, Turkiyada 3 ta) bilan shartnomalar imzolagan.
1994 yilda tug`ilgan yurtdoshimiz B.Yusupov Rossiyaning “MONOTEK STROY” MChJda ish boshlaganidan 2 oy 5 kun o`tib, 2020 yil 21 sentyabr kuni ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa oqibatida vafot etadi. Uning Xorazm viloyatida ota-onasi bilan birga yashovchi 1995 yilda tug`ilgan turmush o`rtog`i va 2019 yilda tug`ilgan qizi qoladi.
Marhumning oilasiga zararni undirib berish bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tomonidan rossiyalik yuristlar jamoasi jalb etilib, uzoq davom etgan jarayonlardan so`ng 1 mln 161 ming rubl (15 774 AQSh dollari) mablag` to`lab berish bo`yicha ish beruvchi bilan yuridik kelishuvga erishildi.
Shuningdek, Rossiya qonunchiligiga muvofiq, marhumning oilasiga jabrlanuvchining ish joyida baxtsiz hodisa oqibatida vafot etgani munosabati bilan 1 mln rubl atrofida kompensasiya berilishi ham ko`zda tutilgan.
Hozirgi vaqtda Rossiya Federasiyasi Ijtimoiy sug`urta jamg`armasidan ushbu mablag`ni undirish va marhumning voyaga etmagan qiziga 18 yoshga to`lgunga qadar nafaqa tayinlash masalasi hal qilinmoqda.






