AsosiyJamiyat

Mehnat vazirligi vaksina olmagan xodimlarni ishdan chetlashtirish tartibi haqida ma`lumot berdi

'Mehnat vazirligi vaksina olmagan xodimlarni ishdan chetlashtirish tartibi haqida ma`lumot berdi'ning rasmi

Ishdan chetlashtirish bo`yicha buyruq chiqarishdan avval xodimdan emlashni rad etish bo`yicha yozma ariza olinadi.

Mehnat qonunchiligiga asosan ish beruvchilarga vaksina olmagan xodimlarini ishdan chetlashtirish huquqi berildi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabar qilmoqda.

Mehnat kodeksining 113-moddasida karantinli va odam uchun xavfli bo`lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi mavjud bo`lganda bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida qonunchilikda belgilangan tartibda joriy etiladigan profilaktik emlashdan o`tishni rad etgan taqdirda (sog`lig`i holatiga ko`ra qarshi ko`rsatma mavjud bo`lmaganda) ish beruvchi uni ishga qo`ymaslikka haqli.

Vazirlik xabarida aytilishicha, qonunchilik me`yorlari to`g`ri, aniq va bir xil qo`llanilishini ta`minlash maqsadida tavsiyaviy xarakterdagi tushuntirish ishlab chiqildi.

Bunda, karantinli va odam salomatligi uchun xavfli bo`lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi mavjud bo`lgan taqdirda profilaktik emlashdan o`tishni rad etish Mehnat kodeksining 113-moddasi 3-qismiga asosan xodimni ishdan chetlashtirish bo`yicha buyruq chiqarishga asos bo`ladi.

Ish beruvchi karantin va odam uchun xavfli bo`lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi munosabati bilan emlashdan o`tish majburiyati yuzasidan kasaba uyushma bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan ichki mehnat tartib qoidalari, jamoa shartnomalari va boshqa lokal hujjatlarga qo`shimcha kiritishi lozim.

Ishdan chetlashtirish bo`yicha buyruq chiqarishdan avval xodimdan emlashni rad etish bo`yicha yozma ariza olinadi. Agar xodim yozma ariza berishdan bosh torsa, xodimning emlanishni rad etganlik va bu bo`yicha ariza berishdan bosh tortgani yuzasidan dalolatnoma tuziladi. Ishdan chetlashtirish bo`yicha buyruq bilan xodim imzo qo`ygan holda tanishtiriladi.

Bosh sanitariya vrachining qaroriga asosan profilaktik emlashlar o`tkaziladigan shartlar olib tashlanguncha, ammo, bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida qonunchilikda belgilangan tartibda joriy etiladigan bitta profilaktik tadbir bo`yicha jami uch oydan ortiq bo`lmasligi kerak.

Xodim ishdan chetlashtirilgan davrda unga ish haqi hisoblanmaydi. Xodim ishdan chetlashtirilgan bo`lsa, ish beruvchi va xodim o`rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi, mehnat intizomi to`g`risidagi nizom va ustavlari, ichki mehnat tartibi qoidalarida belgilangan ishdan chetlashtirishning maksimal muddati davomida, tibbiy qarshiliklar bo`lmaganda emlashdan bosh tortgan xodimlarga nisbatan Mehnat kodeksining 181-moddasiga muvofiq intizomiy jazo qo`llanilish choralari nazarda tutilishi mumkin.

Xodimning sog`lig`i holatiga ko`ra profilaktik emlashdan o`tishni rad etadigan qarshi ko`rsatma mavjud bo`lganda ish beruvchi va xodim o`rtasidagi kelishuvga muvofiq xodim masofaviy ish rejimiga o`tkazilishi mumkin. Karantin va odam uchun xavfli bo`lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi munosabati bilan emlashdan o`tishni tashkillashtirish ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.

Mazkur normalar ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo`mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib qabul qilinadigan lokal hujjatlarda belgilanadi.

Ma`lumot uchun, “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini Sog`liqni saqlash vazirligining emlash.uz axborot tizimiga integrasiya orqali ish beruvchilarning shaxsiy kabinetida “Koronavirusga qarish emlanganlar soni” va “Koronavirusga qarshi emlanmagan xodimlar ro`yxati” yuritilmoqda. Shuningdek, ish beruvchilar kesimida xodimlarning emlanganlik darajasi bo`yicha monitoring olib borish imkoniyati mavjud.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar