AsosiyJamiyat

"Oldindan kelishib olaylik, menga "hurmatli" deya murojaat qilmanglar!" — Zoyir Mirzaev Toshkent viloyatida ilk "hokimlik soati"ni o`tkazdi

'"Oldindan kelishib olaylik, menga "hurmatli" deya murojaat qilmanglar!" — Zoyir Mirzaev Toshkent viloyatida ilk "hokimlik soati"ni o`tkazdi'ning rasmi

Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoir Mirzaev raisligida videoselektor tarzida ilk "hokimlik soati" o`tkazildi. Unda viloyatning 22 ta tuman-shaharlari sektor rahbarlari, viloyatdagi barcha boshqarma va tashkilotlar va ularning hududiy bo`linmalari boshliqlari, mahalliy kengashlar deputatlari, viloyat faollari ishtirok etdi. Bu haqda viloyat hokimligi Axborot xizmati xabar bermoqda. 

Yig`ilish avvalida viloyat rahbari Z.Mirzaev boshqaruv siyosatida belgilab olingan eng ustuvor vazifalarga alohida to`xtalib o`tdi.

Hokimlik soatida yangi hokim tomonidan keltirilgan asosiy iqtiboslar quyidagicha:

- Fuqarolar bilan qabulni ko`chma tartibda olib boramiz. Unda hamma sektor rahbarlari qatnashadi. Soat 14:00 da bo`ladigan qabulga soat 8:00 da o`sha murojaatchining sektor rahbari, tegishli tashkilot mutasaddisi uyiga borib, masalasini joyida o`rganib chiqadi.

- Qanday toifadagi rahbar bo`lishidan qat`iy nazar, bilib olsin, faoliyatimizning asosiy mezoni "Inson qadri uchun" tamoyili asosida bo`ladi. Buni kerak bo`lsa, stolning ustiga yozib qo`ying. Yana shuni ham yozib qo`yinglarki, ishimizda "mayda-chuyda masalaning o`zi yo`q".

- Haftada bir marta, dushanba kuni bajarilgan ishlar tahlili, muhokamasi bo`yicha yig`ilish o`tkaziladi.

- Fuqarolarning murojaatlarini qabul qiladigan telegram-bot tashkil qilamiz. Kerak bo`lsa, o`sha fuqaro bilan telefonda o`zim gaplashaman.

- Hokimiyatdan har bir chiqayotgan qog`oz hokimiyatning yuzi. Davlat tili bo`yicha hokimiyat hujjatlarini xato yozadigan xodim hokimiyatda ishlashi mumkin emas.

-Oshkoralik, shaffoflik ko`pchilikka yoqmaydi, lekin har qanday chiqqan negativga sektor rahbari munosabat berishi shart. Ijtimoiy tarmoqqa kirishni bilmasangiz o`rganing, rahbar zamondan orqada qolishi mumkinmas.

- Oldindan kelishib olaylik, menga "hurmatli" deya murojaat qilmanglar.

- Nimaga ayrim hokimlar bloger, jurnalistlar uchun yopiq?! Press-tur o`tkazib, jurnalistlar yonida yurib, bajarilayotgan ishlarni ko`rsatinglar. Yomonini ham ko`rsataylik, yomoni ham o`zimizniki.

- Daraxt ekaveramiz, lekin uning ko`karib chiqishichi?

- Viloyatimiz tuman-shaharlaridagi tahririyatlarni qo`llab-quvvatlashga tayyorman. Gaetalar bizga kerak. Hududiy tahririyatlardagi jurnalistlar tajribasini qadrlanglar, qo`llab-quvvatlanglar. Bu bo`yicha mutasaddilardan aniq takliflar kutamiz.

Yig`ilish yakunida viloyat hokimi sektor rahbarlari va viloyat mutasaddilariga bir qancha topshiriqlar berib, selektorni yakunladi.

    Boshqa yangiliklar