O`zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi va O`zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasi bilan hamkorlikda O`zbek tili bayrami kuni va O`zbekiston davlat bayrog`i kuni munosabati bilan tantanali tadbir o`tkazildi. Ushbu tadbir Istanbul tijorat universitetida bo`lib o`tdi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar bermoqda.
Ta`kidlanishicha, tadbirda 250 ga yaqin ishtirokchi, jumladan, Istanbul tijorat universiteti rektori Yujer Ug`urlu, Turkiyaning eng yirik xususiy media-markazlardan biri bo`lgan DHA axborot agentligi bosh mudiri Jelal Korkut, Turkiya xorijiy talabalar birlashmasi koordinatori Emre Oruch, nufuzli oliy o`quv yurtlari professor-o`qituvchilari, turk kino yulduzlari va bir qancha universitetlar talabalari qatnashgan.
Anjumanni Yujer Ug`urlu o`zbek tilida tabrik nutqi bilan ochib, tilning insoniyat rivojlanishidagi o`rni, o`zbek tilining boyligi va go`zalligi haqida so`z yuritdi, deya qayd etadi agentlik
Shu bilan birga Turkiya xorijiy talabalar birlashmasi koordinatori Emre Oruch yig`ilganlarni qo`shaloq bayram bilan tabriklab, o`zbek tili va madaniyatining mintaqada o`ziga xos o`ringa egaligini bildirgan.
Tadbir so`ngida madaniy dastur taqdim qilindi hamda bayramona dasturxon yozilib, o`zbek milliy taomlari tortiq etilgan.






