Bugungi kunda ayrim ommaviy axborot vositalarida benzin narxi oshayotganligi keng muhokama qilinmoqda. Ushbu masalaga Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi oydinlik kiritdi.
Qayd etilishicha, birja savdolarida ai-80 markali avtomobil benzini narxi tushishda davom etmoqda. Ushbu markali avtomobil benzinining o`rtacha sotilish narxlari 1 tonnasi 10 129 ming so`mdan 8 444 ming so`mgacha pasayib 17 foizga arzonlashgan.
Shuningdek, ta`kidlanishicha , kichik 1 tn lotlar savdosida Buxoro NQIZ tomonidan mahalliy xomashyodan ishlab chiqarilgan benzining o`rtacha sotish narxi 7028 ming so`mgacha pasaygan yoki 16 noyabrga nisbatan 31 foizga arzonlashgan, "Sanoat energetika guruhi" MChJ QK mahsuloti bo`yicha esa pasayish 17 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, yirik 60 tn lotlarda narxlar pasayishi tendensiyasi bir muncha sekin kechayotganligi aytiladi.
Shu o`rinda savol tug`iladi. Narxlarning pasayishi uchun Antimonopoliya qo`mitasi qanday choralar ko`ryapti?
"Qo`mita oldinroq vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ko`rilayotgan chora-tadbirlar bilan avtomobillarga yonilg`i quyish shahobchalari tomonidan ilgari sotib olingan qimmat narxdagi benzin zaxiralari hisobiga yuqori chakana narxlar saqlanib qolishi to`g`risida ma`lumot bergan. Bugungi kunda, 2-3 oy davomida shakllangan mahalliy xomashyodan ishlab chiqarilgan AI-80 benzinning baland narxlarga ta`sir ko`rsatish uchun faqat bozor mexanizmlari qo`llanilmoqda, ya`ni taklifga ta`sir ko`rsatish orqali narxlar barqarorligini ta`minlash, bu choralarning samara berishi va narxlarning barqarorlashishi uchun ma`lum vaqt talab qilinadi. Shu bilan birga, import benzinning narxlari jahon bozorlari kon`yunkturasiga bog`liqligi omili saqlanib qolmoqda.
Bundan tashqari, hozirda Idoralaro ishchi guruh tomonidan benzin tannarxini optimallashtirish bo`yicha bevosita ishlab chiqaruvchi korxonlarga chiqqan holda o`rganish o`tkazilmoqda, shuningdek Qo`mita tomonidan birja savdolarida narxlarga sun`iy ravishda ta`sir ko`rsatgan nohalol ishtirokchilarga nisbatan o`rganishlar davom etmoqda",-deyiladi xabarda.






