Davlat boshqaruvi organlari va hokimliklar samaradorligini oshirish orqali aholi farovonligini ta`minlash va “mobil boshqaruv apparati”ni yaratish maqsadida 2022–2023 yillarga mo`ljallangan Yangi O`zbekiston ma`muriy islohotlari dasturini ishlab chiqish bo`yicha tashkiliy chora-tadbirlar to`g`risidagi Prezident Farmoyishi qabul qilindi.
Farmoyishga ko`ra, Yangi O`zbekiston ma`muriy islohotlari dasturi loyihasiga takliflar ishlab chiqilishida quyidagilar ustuvor yo`nalish hisoblanadi:
- davlat boshqaruvi organlarining maqomini belgilash;
- takrorlanuvchi vazifa va funksiyalarini qisqartirish;
- rahbar o`rinbosarlarining yo`nalishlar kesimidagi javobgarlik chegaralarini aniq belgilash;
- vazirlik va idoralar shtat birliklarini maqbullashtirish;
- boshqaruv jarayonini avtomatlashtirish, ish yurituvini to`liq raqamlashtirish;
- “Ochiq idora” loyihasini amalga oshirish;
- davlat xizmatlarini to`liq raqamlashtirish va fuqarolarning sansalorligiga barham berish;
- vazirlik va idoralarning ayrim funksiyalarini nodavlat sektoriga o`tkazish;
- tegishli vazirlik va idoralarning hududiy bo`linmalarini bitta ma`muriy binoga joylashtirish orqali aholiga “Yagona darcha” tizimi asosida xizmat ko`rsatishsh
- kadrlarni tanlov asosida va keng raqobat muhitida ishga qabul qilishni to`liq joriy qilish;
- o`z ustida ishlamaydigan va mas`uliyati bo`lmagan kadrlarga nisbatan “jamoaviy ta`sir”ni amalga oshirish;
- vazirlik va idoralarda yagona kadrlar reytingini yuritish;
- davlat xizmatchilari tomonidan olinadigan kafolatlangan bepul xizmatlar va vositalar paketini ishlab chiqish;
- tender va tanlovlarni ochiq va shaffof holda o`tkazish tizimini takomillashtirish;
- xalq deputatlari Kengashlarining mahallalardagi mavjud muammolarni hal qilishdagi rolini oshirish;
- mahalliy vakillik organlarida doimiy asosda faoliyat yurituvchi deputatlar korpusini shakllantirish;
- hokimlar, ularning o`rinbosarlari va maslahatchilarining vakolat chegarasini aniq belgilash.






