Ijtimoiy tarmoqdagi “Navoiyda maktab direktori emlanmagan o`qituvchilarni yoppasiga “ishdan bo`shatdi” sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi.
Holat bo`yicha Navoiy viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o`rganish o`tkazildi, deya xabar bermoqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot xizmati.
O`rganish jarayonida,maqolada ko`rsatilgan holatlar o`z tasdig`ini topdi. Unga ko`ra Navoiy viloyati Qiziltepa tuman xalq ta`limiga qarashli 12-umumiy o`rta maktabi direktori va o`qituvchilaridan tushuntirish xatlari olindi.
Yuqoridagilarga asosan, Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan 2021-yil 23-noyabrda maktab direktori nomiga 18/00-01/11-571-sonli yozma ko`rsatma kiritilib, buyruqlar bekor qilindi hamda qonunbuzilish holatlariga yo`l qo`yganligi sababli, maktab direktoriga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 49-moddasi 1 qismiga asosan ma`muriy jarima qo`llanildi, deyilgan xabarda.






