AsosiyJamiyat

​​O`zbekistonda Silk Avia yangi aviakompaniyasi tashkil etiladi

'​​O`zbekistonda Silk Avia yangi aviakompaniyasi tashkil etiladi'ning rasmi

O`zbekiston Transport vazirligi tashabbusi bilan Uzbekistan Airports AJ Silk Avia mintaqaviy sho``ba aviakompaniyasini tashkil etmoqda. Yangi aviatashuvchi 2022 yildan parvozlarni boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar qildi.

Silk Avia aviakompaniyasi 2021 yilning sentyabr oyida ro`yxatga olingan. 14–18 noyabr kunlari Dubay shahrida bo`lib o`tgan Dubai Airshow-2021 doirasida Uzbekistan Airports va HAS Aviation GT MChJ o`rtasida mintaqaviy aviakompaniya tashkil etish strategiyasini yaratish bo`yicha shartnoma imzolangan.

Ta`kidlanishicha, mintaqaviy aviakompaniyaning tashkil etilishi O`zbekistonda ishbilarmonlik faolligini rag`batlantirish va ichki turizmni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishda muhim ahamiyatga ega bo`lib, bu o`z navbatida aholining aviasiya harakatchanligi koeffisientining oshishiga ta`sir qiladi.

«Biz bozorda o`zbekistonliklar uchun hamyonbop narxlarda ichki havo qatnovlarini ta`minlaydigan aviakompaniya yaratishni maqsad qilganmiz. Yaqin-yaqingacha O`zbekiston shaharlarini bog`lovchi to`g`ridan-to`g`ri reyslarning yo`qligi katta muammo edi. Samarqanddan Xorazmga borish uchun yo`lovchilar Toshkent orqali uchishlari kerak edi. Bizning vazifamiz ichki tashishni nafaqat point to hub (poytaxtdan hududlarga) tamoyili bo`yicha, balki point to point (o`zaro hududlar o`rtasida) tamoyili bo`yicha ham tashkil etishdir.

Rejalarda 40 tagacha marshrut ishlab chiqish va yo`lovchilar sig`imi 70 kishigacha bo`lgan hududiy havo kemalarini xarid qilish ko`zda tutilgan. Tariflar temir yo`l tariflari bilan taqqoslanadi. Bu ichki turizm rivojiga, iste`molchi uchun aviachiptalarning yakuniy narxiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi», — dedi Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ra`no Jo`raeva.

Qayd etilishicha, yangi aviakompaniya mintaqaviy aeroportlarni rivojlantirish uchun ham zarur. Shuning uchun birinchi bosqichda u Uzbekistan Airports boshqaruv kompaniyasi tomonidan yaratiladi. Kelgusida aviakompaniyani xususiy sektorga o`tkazish rejalashtirilgan. Shuni ta`kidlash kerakki, Silk Avia o`zini Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasiga raqobatchi sifatida ko`rsatmaydi, balki ichki tashishlarni tashkil etishda hamkor sifatida ishlaydi.

    Boshqa yangiliklar