Bundan 4-5 yil avval yurtdoshlarimiz uchun xorijiy valyutalarni erkin sotib olish ushalmas orzu edi. Respublikamizda amalda 2 ta davlat va qora bozor valyuta kurslari muomalada bo‘lgan. Ular o‘rtasidagi farq katta bo‘lib, oddiy fuqarolarga davlat kursida valyuta sotib olish shunchaki ertak edi, deydi O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi Matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, mijozlar banklardan ko‘ra qora bozordan dollar ayirboshlashni ma’qul ko‘rishardi, negaki, banklarda (5 yil avval) taxminan 2821,43 so‘mni, "qora bozor" da esa, 5300 so‘mdan 6100 so‘mgacha xarid qilish va sotish imkon mavjud edi. Shu sababli, fuqarolar bankdan ko‘ra qora bozorni ma’qul ko‘rishar edi. Vaholanki, bankdan valyuta sotib olishga kelganda esa, istashsa ham olisholmasdi...
"Qora bozordagi ko‘ngilsizliklarni esa asta qo‘yavering. Buni bila turib ham, harna 2 barobar ortiqchasi bilan alishtiryapmizku, deb qora bozor bilan bo‘lgan munosabatni uzishni istamas edik. Bu ham yashirin holda amalga oshirilishi bor gap. Negaki, valyuta ayirboshlab turgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari kelib qolsa, ham valyutadan ham so‘mdan ajralib qolishingiz hech gap emasdi...
Odilona siyosat orqali yurtboshimiz tomonidan, Valyuta bozorining erkinlashtirilishi, naqd pul bilan bog‘liq muammolar bartaraf etilishi bilan bog‘liq qaror imzolandi, bu esa o‘z navbatida “qora bozor” ga biroz bo‘lsada chek qo‘yilishiga sabab bo‘ldi"-, deya ma’lum qiladi Federasiya.
Shuningdek, u dollar almashtirishda yuz berayotgan asosiy muammolarga ham to‘xtalib o‘tildi.
"Bugun ijtimoiy tarmoqlarda dollar ayirboshlash bilan bog‘liq holatlar turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Hech kimga sir emaski, qaysi soha vakili yoki tadbirkor bo‘lmasin, har bir fuqaro (iste’molchi) chet el valyutalari bilan albatta muomalaga kirishadi. Bu yaxshi albatta, lekin dam olish kunlarida ayirboshlash shahobchalarining ishlamasligi esa, dilni xira qiladi. Yana bir muammo shuki, “Yagona Umumrespublika prosessing Markazi”ning 2021 yil 20 sentyardagi 919-sonli xatiga asosan, barcha “UZCARD” qatnashchilari uchun 100 va 50 AQSH dollar nominalli pullarni aylanmasini vaqtinchalik to‘xtatligini ma’lum qilgan. Bunga sabab qilib, “UZCARD” bankomatlar tizimida 50 va 100 AQSH dollarlik nominallik pullarda, qalbaki pullar aylanmasi ham qayd etilgani ko‘rsatilgan
Shu o‘rinda savol tug‘ilishi tabiiy, qiziq, valyuta ayirboshlash bankomatlarini nahotki qalbaki yoki qalbaki emasligini tekshiradigan qilishning imkoni bo‘lmasa, iste’molchilarni qiynashni kimga keragi bor?
MUAMMO BIR EMAS...
Har bir muammo o‘zidan-o‘zi paydo bo‘lib qolmaydi. Yuqoridagi fikrlarimizda biz bir yoqlama muammo haqida gapirdik, lekin, tanganing ikkinchi tomoni bo‘lgani masalaning ham ikkinchi tarafi mavjud. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarin himoya qilish jamiyatlari federasiyasining “1091” ishonch telefoni orqali ham mazkur holat bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlar bu mavzuga qo‘l urishga undadi. Kelib tushayotgan murojaatlar asosan ikki xil ko‘rinishda. Biri, bankomatlarning 50 va 100 $ ko‘rinishidagi valyuta qabul qilmasligi bo‘lsa, yana biri bank kassalari va bankomatlar o‘rtasidagi valyuta ayirboshlash bilan bog‘liq tafovutdir. Bankomatlar orqali ayirboshlash ishlari olib borilganida esa qiymatidan 10-15 ming so‘m kam mablag‘ beriladi. Sababi so‘ralganda esa, yaxlitlikni ushlab turish uchun deb qo‘yaqolishadi. Xo‘p yaxlitlikni ta’minlamoqchi ekansan, ey barakatopgur, fuqaroning 200-500 so‘mini, bor ana 1000 so‘mini ushlab qol, qolganini yaxlit xolda beraver... Bularning hammasi go‘yoki g‘alati aksiomaga o‘xshaydi",-deya muammolarni keltirib o‘tadi Federasiya matbuot xizmati.