AsosiyMadaniyat

​​Shavkat Mirziyoev baxshichilik san`ati namoyandalari va muxlislariga tabrik yo`lladi

'​​Shavkat Mirziyoev baxshichilik san`ati namoyandalari va muxlislariga tabrik yo`lladi'ning rasmi

O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev baxshichilik san`ati YuNESKOning nomoddiy madaniy merosi ro`yxatiga kiritilishi munosabati bilan san`at namoyandalari va muxlislariga tabrik yo`lladi.

"Muhtaram yurtdoshlar!

Qadrli baxshichilik san`ati namoyandalari va muxlislari!

Barchangizni xalqaro miqyosdagi katta xushxabar – shu yil 16 dekabr kuni YuNESKOning Nomoddiy madaniy merosni asrash hukumatlararo qo`mitasi tomonidan Baxshichilik san`ati Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro`yxatiga kiritilgani munosabati bilan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu muhim va quvonchli yangilik madaniyat arboblari, ustoz baxshilar va iqtidorli yoshlarimiz, folklor san`atining barcha ixlosmandlari, ko`pmillatli xalqimiz uchun albatta g`urur va iftixor baxsh etadi.

Bu yuksak e`tirof dunyo hamjamiyatining O`zbekistonning qadimiy tarixi va boy madaniyatiga, rang-barang ijodiy maktablar va izchil rivojlanish silsilasiga ega bo`lgan noyob baxshichilik san`atiga ulkan hurmat-e`tiborining yorqin ifodasidir.

Darhaqiqat, xalq og`zaki ijodining ushbu go`zal va betakror namunasi mamlakatimizda ming yillar davomida rivojlanib, baland cho`qqilarga ko`tarildi. Baxshichilik san`ati yurtimizdagi turli millat va elatlar o`rtasida o`zaro hurmat, bir-birini tushunish va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash yo`lida beminnat xizmat qilib keldi va bugungi kunda ham bu sharafli vazifani to`la ado etmoqda. Yoshlarni ona yurtga, milliy-madaniy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularni adolat va insoniylikka chorlash, barkamol avlod bo`lib voyaga etishida ezgulik elchilari bo`lgan baxshi, oqin va jirovlarning o`rni va ta`siri beqiyosdir.

Baxshichilik san`ati ijrochidan bir vaqtning o`zida ham mohir shoir, ham iste`dodli xonanda, ham usta sozanda va aktyorlik mahoratiga ega bo`lishni talab etishini, buning uchun nafaqat tug`ma qobiliyat, ayni vaqtda yuksak ijodiy salohiyat, tinimsiz izlanish zarurligini yaxshi bilamiz.

O`zbekiston zamini Ergash Jumanbulbul o`g`li, Fozil baxshi, Islom shoir, Po`lkan shoir, Bola baxshi Abdullaev, Shoberdi Boltaev, Boborayim Mamatmurodov, Abdunazar Poyonov, Qora baxshi Umirov, Shomurod Tog`aev, Qodir baxshi Rahimov, Ziyodulla Islomov, Norbek baxshi Abdullaev, Qalandar baxshi Normetov, Abduqahhor va Abdumurod Rahimovlar kabi o`nlab betakror iste`dod sohiblarini etishtirdi va bu an`ana izchil davom etmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda samarali faoliyat olib borayotgan 250 nafardan ortiq soha vakillari orasida 25 nafarga yaqini «O`zbekiston xalq baxshisi» va «Qoraqalpog`iston xalq baxshisi» unvonlari, 1 nafari «Do`stlik ordeni», 11 nafari «Shuhrat» medali, 7 nafari «Nihol» mukofoti, 2 nafari «Kelajak bunyodkori» esdalik nishoni bilan taqdirlanganini qayd etish lozim.

Mamlakatimizda ushbu qadimiy san`at turini asrab-avaylash, rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida so`nggi paytda qabul qilingan Prezident farmonlari va Hukumat qarorlari soha rivojiga yangi hayot bag`ishlaganini ta`kidlash o`rinlidir. Jumladan, yurtimizda YuNESKO shafeligida har ikki yilda Xalqaro baxshichilik san`ati festivalini o`tkazish yaxshi an`ana tusiga kirdi. 2019 yil aprel oyida Termiz shahrida o`tkazilgan birinchi va joriy yil sentyabr oyida Nukus shahrida tashkil etilgan ikkinchi festival mintaqa va xalqaro hamjamiyat madaniy doiralarida katta qiziqish uyg`otdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda baxshi-shoir va oqinlar o`rtasida xalqaro ko`rik-tanlovlar muntazam o`tkazib kelinmoqda, ta`lim muassasalarida baxshichilik san`ati sirlarini o`qitish, kelajak avlodlarga etkazish borasida ham katta ishlar qilinmoqda. Eng muhimi, bunday keng ko`lamli chora-tadbirlar o`z samarasini bermoqda. Jumladan, hozirgi vaqtda respublika bo`yicha baxshilar sinfi 115 taga etib, ularda ta`lim olayotgan o`quvchilarning umumiy soni 1500 dan, o`qituvchilar soni esa 245 nafardan ortiqni tashkil etayotgani bu yo`nalishdagi ishlarimiz ko`lamidan dalolat beradi" dedi davlat rahbari.

    Boshqa yangiliklar