Bugun, 16 dekabr kuni poytaxtimiz mezbonligida o`tayotgan og`ir atletika bo`yicha kattalar o`rtasidagi jahon chempionatida ikki raqobatchi hamyurtimiz tomonidan 6 ta medal qo`lga kiritildi.
Jahon chempionatining -109 kg gacha bo`lgan vazn toifasidagi sportchilar o`rtasida o`tkazilgan bahslar oxirgi ikki Olimpiya chempionlari – hamyurtlarimiz Akbar Jo`raev va Ruslan Nuruddinov o`rtasidagi qizg`in bahsga aylanib ketdi.
Dast ko`tarishda Ruslan Nuruddinov 185 kg toshni ko`tarib, bronza medalini qo`lga kiritgan bo`lsa, Akbar Jo`raev 195 kg toshni o`ziga bo`ysundirib, dastlabki chempionlikni rasmiylashtirdi. Armanistonlik Simon Martirosyan esa 188 kg natija ko`rsatib, kumush medalni o`ziniki qildi.
Siltab ko`tarish mashqlarida esa hamyurtimiz Akbar Jo`raev 238 kg toshni ko`tarib, ikki kurash natijalariga ko`ra mutlaq jahon chempioniga aylandi hamda 3 ta oltin medal bilan taqdirlandi. Rio Olimpiadasi chempioni Ruslan Nurudinov 236 kg natija bilan kumush medalga ega bo`ldi va ikki kurash natijasiga ko`ra ham kumush medalni o`ziniki qildi. Armanistonlik Simon Martirosyan siltab ko`tarishda 228 kg bilan bronza medaliga ega chiqdi.






