HUMO va UZCARD terminallari ikkala to`lov tizimining kartalarini o`zaro qabul qilishlari uchun takomillashtirildi Bu haqda Markaziy bank Matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ma`lum qilinishicha, Prezidentning “Raqamli O`zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmonini bajarish maqsadida HUMO va UZCARD to`lov tizimlari joriy yildagi o`zaro integrasiyalashuvning birinchi bosqichini yakunladi. Shu tariqa har ikkala tizim terminallarida to`lovlarni qabul qilish amaliyoti namoyish etildi. Yaqin kelajakda kassir tomonidan har bir karta uchun turli terminallarning taklif qilinishi shart bo`lmaydi - savdo va xizmat nuqtalari ikkala to`lov tizimiga xizmat ko`rsatadigan bitta apparatga ega bo`ladi.
2021 yil 27 dekabr kuni HUMO va UZCARD to`lov tizimlari ikkala tizim terminallarida to`lovlarni qabul qilishni namoyish etdilar. Ilgari terminallarda cheklovlar mavjud bo`lgan bo`lsa, endilikda bitta terminalda ham HUMO va UZCARD kartalariga xizmat ko`rsatish mumkin bo`ladi.
To`lov tizimlarining hamkorligi bozor ehtiyojlarini yanada faolroq aniqlash va zarur echimlarni taqdim etish imkonini beradi.
Terminal har ikkala turdagi kartalarni qabul qilishni boshlashi uchun uni yangilash kerak. Yaqin vaqt ichida banklarga bunday yangilashni amalga oshirish uchun zarur ko`rsatmalar beriladi.
Integrasiya memorandumi doirasida HUMO va UZCARD quyidagi yo`nalishlarda hamkorlikni davom ettiradi:
▪️karta egalari, banklar, to`lov tashkilotlari va chakana savdo shoxobchalarining manfaatlarini himoya qilish;
▪️ texnologiyalarni takomillashtirish va naqd pulsiz hisob-kitoblarni rag`batlantirish infratuzilmasini kengaytirish;
▪️to`lov infratuzilmasining ishonchliligi va axborot xavfsizligini ta`minlash bo`yicha loyihalarni amalga oshirish.






