Joriy yilning 26 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali Buxoro maktablaridan birida maktab binosini isitish uchun ajratilgan ko`mir noqonuniy tarzda fuqaroga sotilayotgani haqidagi videoyozuv tarqatildi.
Holat yuzasidan Buxoro viloyati XTV rasmiy munosabat bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, olib borilgan o`rganishlar natijasida mazkur holat 2019 yilda Shofirkon tumanidagi 45-umumiy o`rta ta`lim maktabida sodir bo`lganligi aniqlandi. Maktab binosini isitish uchun ajratilgan ko`mirni noqonuniy tarzda fuqaroga sotgan maktabning sobiq qorovuli hamda mas`ul xodimlariga nisbatan tuman prokuraturasi tomonidan ma`muriy chora ko`rilgan.
2021-2022 o`quv yili uchun maktabda kuz-qish mavsumi betalofat o`tkazish maqsadida mavjud 6 dona tejamkor qozonlar va barcha isitish tizimlari tamirlanib, 4 nafar mavsumiy o`t yoquvchilar biriktirilgan.
Ayni paytda joriy mavsumni betalofat o`tkazish maqsadida maktabda barcha xavfsizlik choralari ko`rilgan, deyiladi xabarda.






