Jizzaxdagi qurilish sohasi mashmashalari ortidan viloyat hokimining sobiq o`rinbosari Akram Rahmonqulov va uning bir qator qarindoshlari hamda bir guruh shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilgan edi.
Oliy sud axborot xizmati ma`lum qilishicha, Jizzax viloyati hokimining sobiq o`rinbosari Akram Rahmonkulov Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a», «v» bandlari, 184-moddasi 3-qismi, 189-moddasi 1-qismi, 205-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari, 207-moddasi 1-qismi, 209-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 7 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravari miqdorida ya`ni, 111 500 000 so`m jarima jazosi tayinlandi.
Eslatib o`tamiz, Jizzax hokimining sobiq o`rinbosari qariyb 1 mlrd so`m byudjet mablag`larini talon-toroj qilgani aniqlangan. Jizzax viloyat arxitektura va qurilish boshqarmasi ma`muriy binosining qurilishi yuzasidan o`tkazilgan tanlov hujjatlari o`rganilganida, xarid komissiyasi a`zolari qurilish ob`ekti bo`yicha tanlovda ishtirok etgan barcha talabgorlarning (“Qurilish ta’minoti” ko`p tarmoqli ishlab chiqarish korxonasi, “Kamol” ko`p tarmoqli qurilish korxonasi va “Abduvohid Qurilish Ta’mir” MChJlar) 100% ulushi tanlov komissiyasi raisi, viloyat hokimining sobiq o`rinbosari Akram Rahmonqulovning yaqin qarindoshlariga tegishli bo`lganini bila turib, bunga biron-bir qonuniy munosabat bildirmagan va bayonnomaga bu haqdagi ma`lumot kiritilmagan.
Buning natijasida, tanlovda noqonuniy g`olib bo`lgan “Qurilish ta’minoti” ko`p tarmoqli ishlab chiqarish korxonasi tomonidan ma`muriy binoning qurilishida bajarilmagan 905 mln so`m qurilish ishlarini to`lovga asos bo`lgan hujjatlarida qo`shib yozib kiritib, shu miqdordagi davlat byudjeti mablag`lari talon-toroj qilinganligi ma`lum bo`lgan.