Koronavirusning “omikron” shtammi dunyodagi epidemiologik vaziyatni butunlay izdan chiqarib yubordi. Hozir ko`plab mamlakatlar bu mutasiya tufayli pandemiyaning yangi, ayni paytda juda shiddatli to`lqini bilan kurashmoqda.
Masalan, bundan besh hafta oldin — 28 noyabr sanasida AQShda COVID-19ni yuqtirish bilan bog`liq kunlik holatlar 24 mingtani tashkil etgandi.
Yangi turdagi virus mamlakatga kirib borgach, ko`rsatkichlar favqulodda tezlik bilan osha boshladi. Masalan, kuni kecha bu erda sutkalik kasallanish statistikasi 1 milliondan oshib ketgan.
Bu, 28 noyabr holati bilan qiyoslaganda, 40 barobardan ziyod ko`rsatkichdir. Tahlillarga ko`ra, aniqlanayotgan yangi holatlarning 95 foizini “omikron” tashkil etmoqda.
Qolgan qit`alarda ham vaziyat o`ta murakkab. Daniyada “omikron” tufayli hayotdan ko`z yumganlar soni 18 nafarga etgan bo`lsa, Janubiy Koreyada yangi shtammdan dastlabki ikki o`lim holati qayd etildi.
Buyuk Britaniya esa yanada tang ahvolda. Kasallanish bir hafta avvalgi ko`rsatkichlardan qariyb 2 barobar oshib, 4 yanvarda bu erda 218 mingdan ziyod kishida koronavirus aniqlangan. Bemorlarning aksariyati yangi shtammni yuqtirgani aytilyapti.
Rossiyada garchi pandemiya to`lqini kundan kun pasayayotgan bo`lsa-da, ammo "omikron"ni yuqtirish holatlari ko`payayotgani achinarlidir. Misol uchun, mamlakatda yangi shtammni yuqtirish ko`rsatkichlari qisqa muddatda 103 taga etgan.
Ana shunday murakkab vaziyatda qator davlatlar karantin cheklovlarini kuchaytirishga majbur bo`lmoqda. O`z navbatida, vaksina jarayonini tezlashtirish choralari ko`rilmoqda.
Jumladan, Isroil aholini “omikron”ga qarshi to`rtinchi doza bilan emlashga qaror qilgan birinchi davlat bo`ldi. Unga ko`ra, dastlab immuniteti zaif insonlar, 9 yanvardan esa 60 yoshdan oshgan barcha fuqarolar va tibbiyot xodimlari qo`shimcha vaksina olishlari zarur.
Niderlandiyada butun mamlakat bo`ylab lokdaun joriy qilingan. 14 yanvargacha bu erda aksariyat korxonalar ishlamaydi. Avstriyada esa aholining emlanmagan qatlami faqat oziq-ovqat sotib olish yoki shifoxonaga borish kabi o`ta zaruriy ehtiyojlar uchungina o`z uylarini tark etishlari mumkin.
Fransiyada jamoat transporti, kinoteatrlar, teatrlar va sport maydonchalarida oziq-ovqat hamda ichimliklar iste`mol qilishga taqiq qo`yildi. Yangi qoidalar kamida uch hafta davomida amal qilishi kutilmoqda.
Buyuk Britaniyada esa ta`tildan so`ng maktab o`quvchilari 26 yanvargacha sinfxonalarda ham tibbiy niqobda bo`lishlari shart. Yaponiyada aksariyat chet el fuqarolarining mamlakatga kirishi taqiqlandi.
Hindiston esa kasallanish ko`rsatkichlari ortishi sababli 15 yoshdan 18 yoshgacha bo`lgan o`smirlarni ommaviy emlashga kirishdi.