2021 yil 23 dekabr kuni soat 23:30 larda Konimex tumani Karakata OFYning cho`l hududidagi “Lolazor” nomi bilan ataluvchi konida tarkibida oltin zarralari bo`lishi mumkin bo`lgan kumlarni noqonuniy kavlab olish bilan shug`ullanuvchi bir guruh fuqarolarni tosh-qum massasi bosib qolgan. Bu haqda FVV Axborot xizmati xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, voqea joyiga viloyat FVBning kuch va vositalari hamda FVDTga kiruvchi xizmatlar etib borgan. Olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida Buxoro viloyatidan bo`lgan 5 nafar fuqaroning jasadlari topilgan va sud-tibbiy ekspertizasini o`tkazish maqsadida, Zarafshon shahar Tibbiyot birlashmasiga yuborilgan.
Ushbu hodisa oqibatlarini bartaraf etishga 5 ta texnika va 63 nafar xodim hamda ishchi-xizmatchi jalb etilgan.
Sodir bo`lgan favqulodda vaziyat bo`yicha surishtiruv ishlarini amalga oshirish uchun Navoiy viloyati IIB va Konimex tuman IIB TTG xodimlari hamda Konimex tumani prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






