Yaqinda shaxmatning rapid yo`nalishida FIDE jahon chempionligini qo`lga kiritgan hamyurtimiz, xalqaro grossmeyster Nodirbek Abdusattorov O`zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga asosan “Mard o`g`lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi va unga Prezident sovg`asi sifatida Toshkent shahar Maxtumquli ko`chasi 91/1 uy manzilidan ikki xonali kvartiraning kalitlari topshirildi.
Biroq, turli yolg`on va bo`hton xabarlar tarqatish orqali o`z obunachilarini ko`paytirishga odatlangan blogerlar yana “hunarlarini” ko`rsatishmoqda. Jumladan, ular uyalmasdan Nodirbek Abdusattorovga sovg`a qilingan uy kalitlari qaytarib olindi, degan mazmundagi xabarlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatishmoqda. Eng yomoni, xalqimiz ham shu yolg`on xabarlarga ishonib qolishayotganida.
Bugun Toshkent shahar hokimi o`rinbosari – Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig`i Faxriddin Davrukov dunyo tarixidagi eng yosh jahon chempioni va uning ota-onalarini Prezident sovg`asi bo`lmish 2 xonali kvartira bilan tanishtirdi.
Tez kunlarda qonunchilikda belgilangan rasmiyatchilik ishlari yakunlanib, ushbu xonadon Nodirbek Abdusattorovga topshiriladi.
Janob blogerlar, O`zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko`ra, yolg`on va bo`hton xabar tarqatganlik uchun ham o`rnatilgan tartibda jazo choralari qo`llaniladi. Shunday ekan, biron ma`lumot tarqatishda avval uni obdon tekshirib, ig`vo va bo`hton emasligiga ishonch hosil qilgandan keyingina ommaga tarqatishingizni maslahat beramiz.
O`zbekiston Respublikasida senzura yo`q, biroq bu sizga asoslanmagan, yolg`on va bo`hton xabarlar tarqatish huquqini bermaydi.