AsosiyJamiyat

O`zbekistonda minimal iste`mol xarajatlari bir oyda kishi boshiga 498 ming so`mni tashkil etishi hisob-kitob qilindi

'O`zbekistonda minimal iste`mol xarajatlari bir oyda kishi boshiga 498 ming so`mni tashkil etishi hisob-kitob qilindi'ning rasmi

2021- yilda respublikaning barcha hududlarida 10,6 ming uy xo`jaliklari o`rtasida o`tkazilgan kuzatuv natijalari asosida minimal iste`mol xarajatlari qiymati hisoblandi. Bu haqda davlat statistika qo`mitasi xabar berdi.

Ta`kidlanishicha, bunda, xalqaro uslubiyotdan kelib chiqib, minimal iste`mol xarajatlarni hisoblashda so`rovnomada ishtirok etgan uy xo`jaliklari xarajatlari miqdori bo`yicha o`nta guruhga ajratilib, ushbu oilalar orasidan eng kam xarajat (daromad)ga ega bo`lgan 30 foiz uy xo`jaliklari ajratib olingan.

So`rovnoma asosida mazkur uy xo`jaliklarida jon boshiga kunlik iste`mol qilinadigan oziq-ovqat (2200 kkal) va zarur bo`lgan nooziq-ovqat tovarlar hamda xizmatlar uchun minimal iste`mol xarajatlar bir oyda kishi boshiga 498 ming so`mni tashkil etishi hisob-kitob qilingan.

Eslatib o`tamiz, 2020- yilda dastlabki hisoblangan minimal iste`mol xarajatlari 2021- yil narxlarida 440 ming so`mni tashkil etib, o`tgan yilning may oyida e`lon qilingan edi. Bu summa 5,4 ming uy xo`jaligi o`rtasida o`tkazilgan so`rovnoma yakuni bo`yicha belgilangan.

Ta`kidlanishicha, jahon tajribasida minimal iste`mol xarajatlari ko`rsatkichidan kambag`allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan bo`lib, mazkur ko`rsatkichdan:  

•  davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko`maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;

•  mamlakat kambag`allik chegarasini belgilashda foydalanish va bunda target guruhdagi aholining real iste`mol xususiyatlari va talablarini inobatga olish;

•  kambag`allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;

•  pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag`al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko`maklarni ko`rsatishda mezon sifatida foydalaniladi.

    Boshqa yangiliklar