Avval xabar qilganimizdek, 2022 yil 24 yanvarga qadar mamlakatimizdagi barcha umumta`lim maktablari pedagog-o`qituvchilarning xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqilgan Milliy o`quv dasturlari asosida malakalarini oshirish kurslarini tashkil etish munosabati bilan ta`til kunlari uzaytirildi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda nodavlat ta`lim tashkilotlarida ham qishki ta`til muddatini 2022 yil 24 yanvarga qadar uzaytirish, ularning rahbar va pedagog kadrlarini xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqilgan Milliy o`quv dasturlari asosida masofaviy ta`lim shakllarini qo`llagan holda malaka oshirish kurslariga jalb etish maqsadga muvofiq, deyiladi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi bayonotida.
"Qishki ta`til davrida o`quvchilarga oziq-ovqat berilmasligi hamda boshqa sarf-xarajatlar qilinmasligini inobatga olgan holda ularning ota-onalaridan shu muddatlar uchun to`lov undirilmasligi tavsiya etiladi.
Shuningdek, ta`til davrida o`quvchilarning bo`sh vaqtlarini mazmunli o`tkazish maqsadida ular uchun tashkil qilinayotgan onlayn fan olimpiadalar, intellektual o`yinlar, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan bellashuvlar va turli tanlovlarda faol ishtirokini ta`minlash maqsadga muvofiq", - deyilgan xabarda.






