1

Mutaxassis: “Omikron” bolalar uchun ko`proq xavf tug`dirishi mumkin

Salomatlik 10.01.2022, 12:54
Mutaxassis: “Omikron” bolalar uchun ko`proq xavf tug`dirishi mumkin

Dunyoda pandemiya davrida koronavirusga chalinganlar soni 307 million nafarga etdi. Shundan qariyb 5,5 million kishi ushbu xastalik tufayli hayotdan ko`z yumgan.  

Umumiy kasallanish ko`rsatkichlari bo`yicha birinchi o`rinda AQSh (60,2 mln.), ikkinchi o`rinda Hindiston (35,7 mln.), uchinchi o`rinda Braziliya (22,5 mln.) va to`rtinchi o`rinda Buyuk Britaniya (14,5 mln.) turibdi.

Infeksiyaga chalinish bilan bog`liq kunlik statistikada esa o`tgan haftaga nisbatan pasayish kuzatilmoqda. Kecha jahonda jami 2 millionga yaqin yangi holat qayd etilgani so`zimiz tasdig`idir. Vaholanki, 7 yanvar kuni bu ko`rsatkich 2,9 millionga yaqinlashgandi.  

Xususan, 9 yanvar holatiga ko`ra, AQShda 446 mingdan ziyod, Fransiyada 296 ming, Braziliyada 200 ming, Hindistonda 179 ming, Buyuk Britaniyada 141 ming nafar bemorda “SOVID-19” aniqlangan. Kasallanish holatlarining aksariyatini “omikron” shtammi tashkil etmoqda.  

Rossiyalik taniqli virusolog olim Aleksandr Chepurnov kecha ushbu shtamm haqida yangi xulosani aytdi. Uning fikricha, mazkur mutasiya inson tanasida boshqa infeksiyalar bilan bir vaqtning o`zida birlashishga qodir. Bu bemor bir paytning o`zida koronavirusning ikki varianti bilan kasallanishi mumkinligini anglatadi.  

Kiprda aniqlangan holat ham mutaxassislar e`tiborini jalb qildi. Bu erda bir guruh mahalliy olimlar tomonidan “delta” va “omikron” shtammlari gibrididan iborat koronavirusning yangi varianti aniqlandi. Tadqiqotchilar unga "deltakron" nomini berishdi.

Kiprlik virusologning so`zlariga ko`ra, yangi variant “delta” kabi genetik asosga ega, biroq uning bir qator mutasiyalari “omikron” bilan bir xil.

Hindistonlik olim Animesh Arya “omikron” ko`proq bolalar uchun xavf tug`diradi, degan fikrda. Uning qayd etishicha, bolalarning nafas olish yo`llari kattalarnikiga nisbatan kichikroq. Yangi shtamm ko`proq yuqori nafas yo`llariga ta`sir ko`rsatayotganini hisobga olsak, u jajji bemorlar soni ortishiga olib kelishi mumkin.

“Omikron”ning paydo bo`lishi pandemiyaning eng o`tkir bosqichi yakunlanish arafasida ekanligini anglatadi, deb bayonot berdi Janubiy Afrika Respublikasi olimlari.

Bu xulosaga kelishdan avval mutaxassislar guruhi kasalxonada tadqiqot o`tkazishgan. So`nggi paytlarda koronavirusga chalingan 466 nafar bemor va ancha avval virusdan sog`aygan 3976 nafar kishining ma`lumotlari tahlil qilingan.

Aniqlanishicha, pandemiyaning yangi to`lqini davrida bemorlarning atigi 4,5 foizi kasalxonada vafot etgan. Bu ko`rsatkich avvalgi to`lqin paytida 21 foizni tashkil etgan. Shuningdek, jonlantirish bo`limlariga yotqizilganlar soni keyingi paytlarda keskin kamaygan. Bemorlarning stasionar sharoitda sog`ayishi ham o`rtacha 8-9 kundan 4 kunga qisqargan.

Eslatib o`tamiz, kecha 9 yanvar kuni O`zbekistonda ham "Omicron" aniqlandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1