AsosiyJamiyat

Qozog`istonda qo`lga olinganlar orasida O`zbekiston fuqarolari bormi? TIV ma`lumot berdi

'Qozog`istonda qo`lga olinganlar orasida O`zbekiston fuqarolari bormi? TIV ma`lumot berdi'ning rasmi

O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi qo`shni Qozog`istondagi vaziyatni muntazam ravishda kuzatib bormoqda. Bu haqda TIV rasmiy vakili xabar berdi. 

O`zbekistonning Qozog`istondagi diplomatik vakolatxonalari – Nur-Sultondagi Elchixonasi, Olma-ota va Aqtaudagi bosh konsulliklarida tezkor shtablar tashkil etildi.

Qiyin ahvolda qolgan fuqarolarga alohida e`tibor qaratilmoqda. Talabalar bilan aloqa o`rnatildi. Ularga zarur yordam ko`rsatish ishlari olib borilmoqda. Nur-Sulton shahridagi aeroportda parvozini kutayotgan fuqarolar issiq ovqat bilan ta`minlandi.

Qozog`iston hududida bo`lib turgan O`zbekiston fuqarolari bilan ularning qarindoshlari va yaqinlari o`rtasida aloqa o`rnatishda tezkor yordam ko`rsatilmoqda.

Olma-otadan O`zbekistonga qaytishni xohlovchi fuqarolar ro`yxati tuzildi. Ular “Uzbekistan Airways” kompaniyasining navbatdagi reyslari orqali Vatanga qaytariladi. Hozirda Olma-ota aeroporti yopiqligicha qolmoqda.

O`zbekistonning diplomatik va konsullik muassasalari Qozog`iston huquq-tartibot idoralari vakillari bilan joylarda doimiy aloqada bo`lib turibdi. Hozirda O`zbekiston fuqarolarining hibsga olingani haqida ma`lumot yo`q.

"Mamlakatimiz fuqarolari o`zlarini qiziqtirgan savollar bo`yicha O`zbekiston Respublikasining Nur-Sulton (telefon raqami: +7 771 020 36 73), Olma-ota (telefon raqami: +7 777 950 44 33) va Aqtau (telefon raqami: +7 777 599 00 51) shaharlaridagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilishlari mumkin",–deyiladi TIV axborotida.

    Boshqa yangiliklar