“O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaevning topshirig`iga ko`ra, moliyaviy va komplaens nazorati yo`nalishida korrupsiya, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashishga, ularni kelgusida yo`l qo`yilishini oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar tizimli amalga oshirilmoqda.
Navbatdagi o`rganish “Buxoro neft bazasi” mas`uliyati cheklangan jamiyatida o`tkazilib, natijada neft mahsulotlarining saqlanishi, iste`molchilarga etkazib berilishi, debitorlik, kreditor qarzdorliklar bilan ko`plab noo`rin xarajatlar, shuningdek, amaldagi qonunchilikka rioya qilinmaslik holatlari aniqlandi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 fevraldagi 149-sonli qaroriga asosan, neft mahsulotlari to`lov oldindan 100 foiz o`tkazilgandan so`ng etkazib berilishi belgilangan bo`lsada, amalda belgilangan me`yoriy hujjatlarga muntazam amal qilmaslik oqibatida “Buxoro neft bazasi” MChJda 50,5 mlrd so`m debitor qarzdorlik yuzaga kelgan. O`z vaqtida undiruv choralari ko`rilmagani natijasida, neft bazasi bo`yicha 984,7 mln so`m mablag` “umidsiz” qarzga aylanib ulgurgan.
O`rganishlar davomida “Buxoro neft bazasi” MChJning 10 ta fermerga yoqilg`i tarqatish shaxobchalari (keyingi o`rinlarda – FYoTSh) tomonidan jami 1,8 mlrd so`mlik 261,7 ming litr yonilg`i mahsulotlari faoliyati tugatilib bo`lgan fermer xo`jaliklariga rasmiylashtirilgani ham aniqlandi.
Ta`kidlash joizki, jamiyatning sobiq rahbariyati va muttasaddi xodimlari tomonidan 3,0 mlrd so`mlik 1 595,3 ming litr neft mahsulotlari fermer xo`jaliklariga arzon narxlarda rasmiylashtirib jamiyatga zarar keltirgan.
Jamiyat muttasadi xodimlari tomonidan xususiy AYoQShlarga jami 2,6 mlrd so`mlik neft mahsulotlari to`lovsiz etkazib berilib, debitor qarzdorligi yashirib kelingan.
O`rganish davomida, “Buxoro neft bazasi” MChJga qarashli 20 ta FYoTShlarda 2,1 mlrd so`mlik 206,7 ming litr mahsulot kamomadi aniqlanib, 921,1 mln so`mi o`rganish jarayonida qoplanishi ta`minlandi.
Ushbu neft bazada mablag` iqtisodi, xarajatlar rejasiga amal qilish borasidagi vaziyat ham achinarli holatda. Masalan, “Buxoro neft bazasi” MChJ tomonidan qurilish korxonalariga asossiz ravishda 298,1 mln so`m miqdorida, xodimlarga 31,6 mln so`m miqdorida ortiqcha ish xaqi va mukofot pullari to`lab berilgan.
Neft baza mas`ul va rahbar xodimlari tomonidan yo`l qo`yilgan qonunbuzulish holatlari bo`yicha huquqiy baho berish uchun o`rganish hujjatlari tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etildi.
Eslatib o`tamiz, 2021 yil boshida olib borilgan o`rganishlarda “Buxoro neft bazasi” MChJda jami 33 896,8 mln so`mlik qonunbuzulish aniqlangan bo`lib ushbu holatlar bo`yicha ham huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan edi.
“O`zbekneftgaz” AJ tomonidan ushbu yo`nalishda o`rganishlar davom ettirilmoqda.






