AsosiyDunyo

BMT Afg`oniston xalqiga qariyb 5 milliard dollarlik yordam zarurligini ma`lum qildi

'BMT Afg`oniston xalqiga qariyb 5 milliard dollarlik yordam zarurligini ma`lum qildi'ning rasmi

Kuni kecha BMT va unga sherik xalqaro tashkilotlar 28 million afg`onistonliklarga yordam rejasini e`lon qildi. Ularning 22 millioni mamlakat ichkarisida, 5,7 millioni mintaqaning beshta mamlakatida boshpana topgani haqida aytilmoqda. Ularning ehtiyoji uchun 2022 yilda 4,44 milliard dollar mablag` zarur bo`ladi. Tojikistonning «Xovar» axborot agentligi BMT matbuot xizmati tarqatgan ma`lumotga tayanib shu haqda yozmoqda.

Afg`oniston iqtisodiyoti «erkin qulash holatida» turibdi va aholining hayoti xavf ostida. 23 million  kishi ochlik bo`sag`asida, kasalxonalar och qolgan bolalar bilan liq to`lgan, o`qituvchilar maosh olmayapti, millionlab bolalar ta`lim olish imkoniyatidan mahrum etilgan. Bugungi Afg`onistonda ahvol shunday.

Bug`doy va yonilg`i narxlari 40 foizga oshgan, qolaversa, afg`onistonliklarning  oilaviy byudjetidan 80 foizi ovqatlanish uchun sarflanmoqda. Chunki xalqaro yordam muzlatilgan, ijtimoiy xizmatlar tizimi ko`z o`ngimizda vayron bo`lmoqda. Xalqaro yordamlarsiz Afg`oniston aholisi yashab qola olmaydi, deyiladi xabarda.

BMTning ogohlantirishicha, yil o`rtasiga kelib, Afg`oniston butunlay kambag`allar mamlakatiga aylanishi mumkin, chunki aholining 97 foizi qashshoqlikka yuz tutadi. Yil davomida Afg`oniston yalpi ichki mahsulotining 30 foizini yo`qotadi, erkak aholi o`rtasida ishsizlik esa darajasi 29 foizga etadi.

«Men qattiq iltimos qilardimki, Afg`oniston xalqi qarshisida eshiklarni yopmang, – dedi BMTning Favqulodda yordamini muvofiqlashtiruvchisi Martin Griffits gumanitar yordam rejasini taqdim etar ekan.

«Har qancha qiyinchiliklarga qaramasdan, gumanitar sheriklar yordam yuklarini joylarga etkazmoqda. Bizga yordam bering, yordam yuklarini ko`paytirishga va keng qamrovli ocharchilik va kasalliklarning tarqalishiga yo`l qo`ymaslikka yordam bering», deyiladi bayonotda.

    Boshqa yangiliklar