Pandemiya davrida koronavirus infeksiyasi, uning og`ir asoratlari va o`lim holatlaridan qutulib qolishning eng samarali yo`li – xastalikka qarshi emlanish hisoblanadi.
O`zbekistonda aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari 2021 yil 1 apreldan boshlangan. Bugungi kunga qadar mamlakatimizga COVID-19ga qarshi jami etti turdagi 49,8 million doza vaksina olib kelindi, yana 12 million doza vaksina keltirilishi kutilmoqda.
Respublika aholisi, ayniqsa, bolalarda koronavirus infeksiyasiga qarshi immunitetni shakllantirish maqsadida 2021 yil 21 sentyabrdan 12 yoshdan katta bolalar Pfizer, 17 noyabrdan boshlab to`liq emlash kursini olganlar buster doza bilan ixtiyoriy ravishda emlanmoqda. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati direktori o`rinbosari Nurmat Otabekov ma`lumot berdi.
Xo`sh, buster doza vaksina bilan kimlar emlanadi?
Buster doza vakina bilan emlanuvchi kontingent avval ikki va uch komponentli to`liq vaksina kursini olgan hamda vaksinaning birinchi dozasini olganiga 6 oy va undan ortiq vaqt o`tgan bo`lishi kerak.
Mazkur dozani fuqarolar koronavirusga qarshi avval qanday vaksina bilan emlanganidan qat`i nazar, mamlakatimizdagi koronavirusga qarshi barcha vaksinalardan foydalangan holda olishlari mumkin.
Ushbu sohadagi xalqaro ekspertlarning fikricha, vaqt o`tishi bilan emlangandan keyin hosil bo`lgan antitanachalar kamaya boshlaydi. Har qanday shaxs vaksinaning 2 yoki 3 dozasini olganidan so`ng uning organizmida COVID-19ga qarshi antitanachalar paydo bo`ladi va ma`lum vaqt o`tgandan so`ng ularning miqdori kamayib boradi. Buster doza bilan qo`shimcha (qayta) emlanish esa birlamchi emlanishdan keyin hosil bo`lgan immunitet darajasini qisqa muddatda (hujayra darajasida avval emlanganlik to`g`risida gumoral xotira mavjudligi tufayli) ko`tarib beradi. Demak, buster doza orqali susayib borayotgan immun tizimini qaytadan barqaror holatga keltirish mumkin.
Buster doza vaksina necha marta olinadi?
Mutaxassislar COVID-19ga qarshi hozircha bir marotaba buster doza vaksina olishni taklif qilmoqda. Mabodo pandemiya uzoq vaqt davom etgudek bo`lsa, buster dozaga bir necha marotaba murojaat qilinishi ham mumkin.
Eslatib o`tamiz, buster doza vaksinadan foydalanish amaliyoti tibbiyotda anchadan beri mavjud. Respublikamizda shol, qizamiq, qizilcha, bo`g`ma kabi qator yuqumli kasalliklar vaksinoprofilaktikasi jarayonida qo`llanilgan.
Mutaxassislarning fikricha, buster doza vaksina bilan emlanish “alfa”, “delta” shtammlaridan tashqari “omikron” shtammi bilan chaqirilgan COVID-19 kasalligidan ham himoya qila oladi. Mabodo kasallik yuqsa ham, u jiddiy asoratlarsiz, engil o`tib ketadi.
Ma`lumot uchun: “buster” so`zi ingliz tilidan olingan bo`lib, ko`makchi, yordamchi, tezlatuvchi, jadallashtiruvchi kabi ma`nolarni anglatadi.






