AsosiyJamiyat

Limon etishtiruvchilarga subsidiya beriladi

'Limon etishtiruvchilarga subsidiya beriladi'ning rasmi

“Muqobil energiya orqali ishlaydigan isitish tizimini joriy etgan limon etishtiruvchilarni, shuningdek, yangi limonzorlarni barpo etish va ko`chatlar xarid qilishni moliyaviy jihatdan qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda. 

Qarorga muvofiq, limon etishtiradigan qishloq xo`jaligi tashkilotlari xarid qilgan muqobil energiya (tabiiy gazga nisbatan)orqali ishlaydigan isitish qurilmalari qiymatining 30 foizgacha qismi Bog`dorchilik va issiqxona xo`jaligini rivojlantirish jamg`armasi mablag`lari hisobidan qoplab beriladi.

Qaror bilan bu bo`yicha nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko`ra, talabgorlar (qishloq xo`jaligi tashkilotlari) muqobil energiya qurilmasi o`rnatilgan issiqhona ishga tushirilgandan so`ng subsidiya olish uchun tuman komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi.

Tuman komissiyasi murojaat kelib tushgan kundan boshlab 5 ish kuni ichida talabgor tomonidan o`rnatilgan muqobil energiya qurilmalarini joyiga chiqqan holda o`rganadi.

Talabgorlar Komissiyaning ijobiy xulosasini olgach 5 kun ichida Qishloq xo`jaligi vazirligi huzuridagi Bog`dorchilik va issiqxona xo`jaligini rivojlantirish agentligiga tegishli hujjatlarni taqdim qiladi.

Hujjatlar taqdim qilingan kundan boshlab 3 ish kuni ichida Agentlik ularni o`rganib chiqib, Kengash qarori qabul qilingan kundan boshlab 1 oy ichida subsidiya ajratadi yoki rad etilsa, bu haqda talabgorni xabardor qiladi.

Agentlik 5 yil mobaynida, har yil kamida bir marotaba shartnomada ko`rsatilgan parametrlar va majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan monitoring olib boradi.

Shuningdek, qarorga ko`ra yangi limonzorlar barpo etish va ko`chatlar xarid qilish bilan bog`liq xarajatlar har bir sotix uchun 300 ming so`mgacha miqdorda subsidiya sifatida qoplab beriladi.

Subsidiya limonzorlar barpo etish ishlari yakunlanib, tuman ishchi komissiyasining ularni foydalanishga qabul qilish yuzasidan tasdiqlangan dalolatnomalari Agentlikka taqdim etilgandan so`ng 1 oy muddatda ajratiladi.

    Boshqa yangiliklar