O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 18 may kuni Oqsaroyda Bolgariya Respublikasi Bosh vaziri Boyko Borisovni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, Bolgariya Bosh vazirining O`zbekistonga ilk tashrifi o`zaro munosabatlarda muhim voqea bo`lib, mamlakatlarimiz o`rtasidagi manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda yaxshi imkoniyat ekanini ta`kidladi.
O`zbekiston Bolgariyani an`anaviy va ishonchli iqtisodiy hamkor deb biladi, o`zbek va bolgar xalqlari uzoq yillik do`stlik aloqalariga ega.
Uchrashuvda iqtisodiy hamkorlikning keng ko`lamli masalalari – sanoat, transport kommunikasiyalari, turizm, shuningdek, zamonaviy qo`shma sanoat korxonalarini tashkil qilishning istiqbolli yo`nalishlari muhokama qilindi.
Tomonlar Bolgariya Bosh vaziri tashrifi doirasida 18 may kuni «Angren» maxsus industrial zonasida yuqori texnologiyali yangi «UzPristaoyl» qo`shma korxonasining ochilishi o`zaro manfaatli hamkorlikning yorqin misoli bo`lganini qayd etdilar. «O`zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi va Bolgariyaning «Prista Oyl» kompaniyasi tomonidan ta`sis etilgan mazkur korxona sintetik va yarim sintetik motor moylarini ishlab chiqarish va qayta ishlashga ixtisoslashgan.
B.Borisov yangi korxonaning eksport salohiyati yuqori ekanini, O`zbekistonda tashkil etilgan «Navoiy» va «Angren» maxsus iqtisodiy va industrial zonalarda xorijiy sarmoyadorlarning muvaffaqiyatli faoliyati uchun qulay sharoit yaratilgani, bu yangi investisiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar ekanini ta`kidladi. Bu Bolgariya kompaniyalariga Markaziy, Janubiy va Sharqiy Osiyo mamlakatlari bozorlariga chiqish imkonini beradi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Bolgariyada olib borilayotgan va asosiy yo`nalishlari iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, investisiyalarni kengaytirish, tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish bo`lgan iqtisodiy siyosatni qo`llab-quvvatlashini ta`kidladi.
Bolgariya Bosh vaziri O`zbekistonda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng ko`lamli islohotlar strategiyasi natijasida tub iqtisodiy va ijtimoiy o`zgarishlarga erishilganini yuqori baholadi. Bugungi islohotlar va tarkibiy o`zgarishlar O`zbekistonning yanada taraqqiy etishida muhim omil bo`layotganini qayd etdi.
Tomonlar o`zaro savdo aloqalarini yanada kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ta`kidladi. O`zbekiston Bolgariya bozoriga keng turdagi sanoat mahsulotlari eksport qilish va ushbu mamlakatdan yuqori texnologiyali tovar va uskunalar import qilishdan manfaatdor.
Uchrashuvda O`zbekiston bilan Bolgariya o`rtasida savdo-iqtisodiy va investisiya sohalaridagi istiqbolli yangi loyihalarni ishlab chiqish uchun ishbilarmon doiralar delegasiyalari almashish bo`yicha kelishib olindi.
B.Borisov Prezidentimizga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Bolgariya O`zbekiston bilan ko`p qirrali hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta`kidladi.