Avvalroq O`zbekiston fuqarolariga Rossiyada registrasiya qilish uchun 15 kun berilishi mumkinligi, bu bo`yicha O`zbekiston bilan Rossiya o`rtasida tegishli bitim imzolangani haqda xabar berilgan edi.
Bitimga asosan, ikki davlat fuqarolari o`zaro mamlakatlar hududiga kirgan kundan boshlab 15 kun ichida yashash joyida ro`yxatdan o`tishi ko`zda tutilgandi.
Ayni vaqtda Tashqi ishlar vazirligi bitim hali kuchga kirmaganligini ma`lum qilmoqda.
Qayd etilishicha, O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining Rossiya Federasiyasi hududida va Rossiya Federasiyasi fuqarolarining O`zbekiston Respublikasi hududida bo`lishlari tartibi to`g`risidagi Hukumatlararo bitim 2021 yil 17 iyun kuni imzolangan.
Bitimning 1-moddasiga ko`ra, bir Tomon davlati hududida vaqtincha bo`lib turgan boshqa Tomon davlatining fuqarolari 15 kun mobaynida kelish davlatining vakolatli organlarida ro`yxatdan o`tish (yashash joyi bo`yicha ro`yxatdan o`tish) majburiyatidan ozod etilishi aytiladi.
Shuningdek, mazkur xalqaro shartnomani tasdiqlash haqida 2022 yil 20 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori qabul qilingani xabar berildi.
Shu jumladan, O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Rossiya tomoniga mamlakat tomonidan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi haqida tegishli bildirishnomani yuborgani ma`lum qilindi.
"Ta`kidlash joizki, Bitimning 4-moddasiga ko`ra, Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur bo`lgan davlat ichki tartib-taomillari Tomonlar tarafidan bajarilgani to`g`risida oxirgi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali qabul qilingan sanadan kuchga kiradi",-deyiladi vazirlik xabarida.
Shunday qilib, yuqorida ko`rsatilgan Bitim kuchga kirmagani, zero Rossiya tomonidan tegishli davlat ichki tartib-taomillari hali yakunlanmagani aytiladi.






