AsosiyJamiyat

O`zbekistonda fevral oyida ob-havo qanday bo`lishi ma`lum qilindi

'O`zbekistonda fevral oyida ob-havo qanday bo`lishi ma`lum qilindi'ning rasmi

O`zbekiston Gidrometeorologiya xizmati fevral oyida kutilayotgan va o`tgan yillarda kuzatilgan ob-havo haqida ma`lumot berdi.

Ma`lum qilinishicha, iqlim ma`lumotlariga ko`ra, ya`ni, ko`p yillik davr uchun o`rtacha ma`lumotlarga ko`ra, fevral oyining o`rtalarigacha O`zbekistonda qish o`z o`rnini saqlab turadi, vaqti-vaqti bilan issiq va sovuq kunlarni almashadi va oyning oxiriga kelib esa tekisliklarga bahor keladi. Biroq, bu har doim ham shunday bo`lmaydi.

Ba`zida harorat tartibi bo`yicha, fevral oyining birinchi kunlaridan boshlab bahor boshlanishiga o`xshaydi, ba`zan esa butun qish mavsumi uchun eng past harorat fevral oyiga to`g`ri keladi.

O`tgan yil ham shunday bo`lgan edi. Oyning boshidanoq respublika bo`yicha juda iliq ob-havo kuzatildi. Fevral oyining o`rtalariga kelib, havo harorati 23-28° iliq, janubda 32° iliq qiymatlariga etdi. Oyning oxiriga kelib, bizning iqlim uchun qattiq bo`lgan sovuq keldi. Kechalari havo 10-12° sovuq, ba`zi joylarda 15° sovuqgacha, shimolda 20-22° sovuq, Ustyurtda 23-25° sovuqqacha bo`ldi. Respublikamizning eng janubiy viloyatlarida ham kechalari 4-7° sovuqgacha pasaydi.

O`zbekistonda so`nggi yillarda eng sovuq fevral oyi 2014 yilda kuzatilgan, oyning o`rtacha harorati me`yordan 5-7° ga past, oyning birinchi yarmida esa me`yordan umuman 12-15° ga past bo`lgan. Eng sovuq davrda havo harorati kechalari 14-17° sovuqgacha, kunduz kunlari esa 7-10° sovuqgacha pasaygan. 2014 yilning fevral oyida yog`ingarchilik kam bo`lgan, ammo oyning birinchi yarmida yog`ingarchilik faqat qor ko`rinishida yog`gan.

2016 yilning fevral oyi eng issiq bo`lgan. Eng issiq davrlarda  havo harorati 23-28° iliqgacha ko`tarildi. Fevral oyi nafaqat issiq, balki eng quruq bo`lgan. Fevral oyida yog`ingarchilik anomal kam miqdorda yoqqan, Toshkentda me`yordan atigi 3% ni tashkil etgan.

Ushbu yilning fevral oyi nisbatan iliq ob-havo bilan boshlanadi.

Oyning birinchi o`n kunligida kechalari harorat 0-5° iliq, ba`zi joylarda 2° sovuq atrofida bo`ladi, kunduz kunlari harorat 6-8° iliqdan 12-14° iliqgacha o`zgarib turadi.

5 fevralda shimolda, 6 fevralda O`zbekistonning qolgan hududlarida asosan yomg`ir ko`rinishidagi yog`ingarchilik bo`ladi. Respublika bo`yicha ba`zi joylarda birinchi o`n kunlikning eng oxirida ham biroz yog`ingarchilik bo`lishi mumkin.

Keyinchalik Jahon prognostik markazlarining hisob-kitoblariga asoslangan holda, O`zgidrometning dastlabki bahosiga ko`ra, havo harorati kechalari 0-5° iliqdan 0-5° sovuqgacha, shimolda 8-13° sovuqgacha, kunduz kunlari 10-15° iliqdan 3-8° iliqgacha o`zgarib turadi. Hududlarning katta qismida yomg`ir va qor ko`rinishidagi yog`ingarchilik me`yordan kam bo`lishi kutilmoqda.

    Boshqa yangiliklar