AsosiyJinoyat

Toshkent viloyatidagi arxeologik yodgorliklardan biri auksion orqali tadbirkorga berib yuborilgani aniqlandi

'Toshkent viloyatidagi arxeologik yodgorliklardan biri auksion orqali tadbirkorga berib yuborilgani aniqlandi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o`tkazilgan o`rganishlarda respublikamizdagi ayrim arxeologiya yodgorliklariga ba`zi mahalliy hokimliklar hamda yuridik shaxslarning qonunga zid xatti-harakatlari oqibatida katta miqdorda zarar etkazilayotganligi aniqlandi. Bu haqda agentlik axborot xizmati xabar berdi. 

Xabarda aytilishicha, Toshkent viloyati, Parkent tumani, “Istiqbol” MFYdagi “Tepa (Kultepa)” arxeologiya yodgorligiga tegishli 2 gektar er maydoni hududi 2018 yil 28 sentyabrda Parkent tumani hokimligi tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda auksion savdolari orqali “U.Q.B” MChJga xom g`isht ishlab chiqarish sexi tashkil etish uchun berib yuborilgan.

Aniqlanishicha, mazkur arxeologiya yodgorligi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019  yil 4 oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko`chmas mulk ob`ektlari milliy ro`yxatini tasdiqlash to`g`risida”gi 846-son qarori bilan tasdiqlangan Moddiy madaniy merosning ko`chmas mulk ob`ektlari milliy Ro`yxatiga kiritilgan. Davlat mulki hisoblangan ushbu ob`ekt Toshkent viloyati madaniyat boshqarmasiga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan.

Ushbu arxeologiya inshootini “U.Q.B” MChJ rahbarlari 2020 yilda qonunchilik talablariga zid ravishda tadbirkor “U.M.P.” MChJga sotib yuborgan. Ushbu tadbirkorlik sub`ekti ham o`z navbatida, bu ob`ektda xom g`isht ishlab chiqarishni yo`lga qo`ygan.

Mazkur sex uchun xom-ashyo, ya`ni tuproq mahsulotini etkazib berish majburiyatini “U.Q.B” MChJ o`z zimmasiga olgan. Tuproq esa, ushbu arxeologiya inshooti hududidan qazib olingan. Oqibatda, bu tarixiy inshootga katta miqdorda zarar etkazilgan.

Ushbu noqonuniy xatti-harakatdan xabar topgan Toshkent viloyati moddiy meros boshqarmasi 2020 yilda etkazilgan zararni aybdor shaxslardan undirish, mansabdor shaxslarga nisbatan chora ko`rish, tuman hokimining qarori va oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishni so`rab, huquqni muhofaza qiluvchi va mutasaddi idoralarga murojaat qilgan. Shuningdek, tadbirkorlik sub`ektlari rahbarlariga ogohlantirish xatlari ham berilgan.

Shunga qaramasdan, MChJ mas`ullari o`zlarini faoliyatini davom ettirib kelgan.

Ushbu holat bo`yicha o`rganish ishlariga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Milliy arxeologiya markazi mutaxassislari hamda hududiy davlat va jamoat tashkilotlarining mas`ul xodimlari jalb etildi.

Jumladan, 2021 noyabr oyida mazkur hududda ilmiy tadqiqot (tuproq qazish va ob`ektni kuzatish) ishlari olib borildi. Mutaxassislarning xulosasiga ko`ra, mazkur arxeologiya ob`ekti eramizning I-IV asrlariga oid bo`lib, ko`chmanchi chorvador ajdodlarimizga tegishli qabriston yodgorligi sanalishi aniqlandi.

O`rganishlar davomida olingan dastlabki ma`lumotlarga ko`ra,  “U.M.P.” MChJ mansabdor shaxslari tomonidan “Tepa (Kultepa)” arxeologiya yodgorligi xududida xom g`isht ishlab chiqarish va qazilma ishlari olib borilishi natijasida madaniy merosning ob`ektiga 1,5 trln. so`m miqdorida moddiy zarar etkazilganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan qonuniy chora ko`rilishini ta`minlash maqsadida Agentlik tomonidan to`plangan materiallar Bosh prokuraturaga yuborilgan. Natijada, 2021 yil dekabr oyida Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan “U.M.P.” MChJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 132-moddasi 2-qismi, 205-moddasi 2-qismi “a” bandi va 207-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazib kelinmoqda.

    Boshqa yangiliklar