AsosiyJamiyat

JSST: "Karantin cheklovlarini bekor qilishga hali erta!"

'JSST: "Karantin cheklovlarini bekor qilishga hali erta!"'ning rasmi

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus dunyoning qator mamlakatlarida “omikron”dan o`lim ko`rsatkichlari oshib borayotgani xususida bayonot berdi.  Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar qildi. 

Uning so`zlariga ko`ra, yangi shtamm aniqlanganidan buyon 90 millionga yaqin kasallanish holatlari ro`yxatga olindi. Bu 2020 yilda COVID-19ni yuqtirgan jami bemorlar sonidan ham ko`p.

“Eng yomoni, hozir sayyoramizning aksariyat mintaqalarida o`lim ko`rsatkichlarining juda xavotirli o`sishini kuzatyapmiz” — dedi T. Gebreyesus.

JSSTning Favqulodda kasalliklar bo`limi texnik guruhi rahbari Mariya Van Kerkxovening xulosasi ham shunga yaqin. U bunday sharoitda COVID-19 tufayli joriy etilgan barcha cheklovlarni bekor qilishga hali erta ekanligini ma`lum qildi.  

“Biz hukumatlarni ehtiyotkorlikka chaqiramiz, chunki aksariyat davlatlar “omikron” pandemiyasining cho`qqisidan o`ta olgani yo`q. Ayrim hududlarda esa emlash darajasi juda past. Shuning uchun hozir barcha koronavirus cheklovlarini birdaniga olib tashlash vaqti emas”, — deydi JSST eksperti.  

Masalan, AQShda kunlik kasallanish ko`rsatkichlari kamaya boshlagan bo`lsa-da, “omikron” tufayli hayotdan ko`z yumayotganlar soni ortmoqda. Mamlakatning yuqumli kasalliklar bo`yicha bosh maslahatchisi Entoni Fauchi asosan emlanmagan hamda to`liq yoki kuchaytiruvchi dozada vaksina olmaganlar bunday xavfga ro`baro` kelayotganini ta`kidladi.  

Ba`zi davlatlarda esa koronavirusning yangi mutasiyasi ko`proq bolalar va yoshlar o`rtasida keng tarqalyapti. Misol uchun, Italiyada bu infeksiyani yuqtirgan bemorlardan har uchinchisi 19 yoshgacha bo`lgan o`g`il yo qizdir.

Ana shundan kelib chiqib, 5 yoshdan 11 yoshgacha bo`lgan bolalarni koronavirusga qarshi emlashga ruxsat bergan davlatlar safiga Qatar ham qo`shildi. Avstraliyada esa 16-17 yoshli o`smirlar qayta vaksina olishi belgilandi. Bunga mamlakatda koronavirusdan o`lim holatlari ko`payib borayotgani sabab bo`ldi.  

Saudiya Arabistonida fevral oyidan jamoat transportidan faqat emlanganlar foydalanishlari mumkin. Ushbu cheklov poezd, taksi, avtoulovlarni ijaraga olish hamda paromlarga ham taalluqlidir. 

Isroilda ham yangi shtamm bilan kasallanish holatlari keskin ko`paymoqda. O`z navbatida, koronavirusdan vafot etayotganlar soni ham sezilarli darajada oshyapti. Shu sababli bu erda 60 yoshdan kattalar hamda tibbiyot xodimlari to`rtinchi doza bilan emlanmoqda.  

 

 

    Boshqa yangiliklar