Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida “Maydanak” turistik-rekreasion zonasi tashkil etiladi. Mazkur masala yuzasidan Turizm va sport vazirligi boshchiligidagi respublika ishchi guruhi tomonidan tegishli o`rganishlar o`tkazilmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, hozirda Qarshi shahridan 176 km uzoqlikda joylashgan XIV asr ziyoratgohi va masjidi bo`lgan “Langar ota” hamda “Maydanak” observatoriyasi hududigacha bo`lgan yo`l, elektr ta`minoti, suv va oqova suv infratuzilmasi o`rganilib, tegishli loyiha ishlab chiqilmoqda.
Soha mutaxassislari dengiz sathidan 2650 metr yuqorida bo`lgan “Maydanak” observatoriyasida bo`lib, Maydanak tog`larining 7900 gektar archazor hududlarida o`tov, "camping", "glamping", eko-uylar, engil konstruksiyali konteynerlar joylashtirishni muhokama qilishdi.
Bundan tashqari, Ko`kbuloq, O`rtadara, Chuqurqishloq, Kattao`ra, Bog`obod qishloqlarida 100 dan ortiq mehmon uyi barpo etish, ko`rsatiladigan xizmatlarni diversifikasiyalash orqali hududda “Mountain treck” “Mountain bike” va ekstremal turizm xizmatlari rivojlantirish, shu bilan birga, osma dor yo`li, 3-yulduzli mehmonxona hamda sog`lomlashtirish majmualari qurish rejalashtirilgani aytilmoqda.






