Tibbiyot sohasi bo`yicha yirik olim, O`zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Turg`unpo`lat Daminov shu yil 6 fevral kuni 81 yoshida vafot etdi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.
T. Daminov 1941 yili Toshkent shahrida tug`ildi.
1964 yilda Toshkent davlat medisina instituti (hozirgi Toshkent tibbiyot akademiyasi)ni tugatib, 1969 yilda nomzodlik, 1986 yilda doktorlik dissertasiyasini himoya qildi. 2000 yilda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a`zosi etib saylandi.
T. Daminov mehnat faoliyatini 1969 yilda Toshkent davlat medisina institutida assistent sifatida boshladi. Ushbu muassasada dosent, kafedra mudiri vazifasida faoliyat yuritdi. Keyinchalik Pediatriya ilmiy tekshirish instituti direktori, Birinchi Toshkent davlat tibbiyot instituti rektori, Toshkent tibbiyot akademiyasi «Yuqumli kasalliklari va pediatriya» kafedrasi mudiri, mazkur kafedra professori kabi mas`ul lavozimlarda samarali mehnat qildi.
U mamlakatimizda sog`liqni saqlash sohasini rivojlantirish, tibbiyot fanining dolzarb masalalarini tadqiq etish, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo`shdi.
Zahmatkash olimning tibbiyot sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag`ishlangan 500 dan ziyod ilmiy maqolalari, 20 ga yaqin kitob va monografiyalari hamda 40 dan ziyod uslubiy tavsiyanoma va qo`llanmalari mutaxassislarga yaxshi ma`lum.
Ayniqsa, tibbiyotning pediatriya va yuqumli kasalliklar kabi muhim yo`nalishlarini rivojlantirish va boyitish borasida o`z ilmiy maktabini yaratdi.
Ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida o`nlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlandi.
Akademik T. Daminovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib baholandi. U “El-yurt hurmati” va “Do`stlik” ordenlari bilan mukofotlangan edi.






