Turizm va sport vazirligi tadbirkorlar hamda ishbilarmonlarni ekstremal sport va zamonaviy tog` turizmini rivojlantirishga chorlaydi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Mamlakatimizda o`zining xilma-xil tabiati, qulay ob-havosi tufayli tog` sportining barcha turlari bilan muntazam shug`ullanish hamda ekstremal turizmini rivojlantirish uchun imkoniyat yaratilgan.
Bugungi kunda O`zbekistonda tog` turizmi shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Jumladan, so`nggi ikki yil ichida umumiy uzunligi 6 kilometrni tashkil etuvchi “Amirsoy” tog`-chang`i kurortining dor yo`li ishga tushirildi.
2022-yilning birinchi yarim yilligida “Chinorkent” dor-yo`li o`z faoliyatini boshlashi rejalashtirilgan. Beldirsoy dam olish maskani esa qayta rekonstruksiya qilinib, yangi, zamonaviy dor yo`li ishga tushiriladi. Shuningdek, Chimyon maskanida yangi tog`-chang`i kurorti bunyod etilishi belgilangan.
Bo`stonliq tumanida tog` turizmi yo`nalishini yanada rivojlantirib, uni yangi bosqichga olib chiqish, ekstremal sport va zamonaviy tog` mashg`ulotlarini keng tatbiq etish hamda shu orqali tadbirkorlarga ko`maklashish ko`zda tutilgan. Ushbu maqsadlarda dor yo`li, rafting, rope-bungee jumping, zipline, canyoning, paraplan mashg`ulotlari uchun maqbul bo`lgan er maydonlari, tadbirkorlar takliflarini inobatga olingan holda, belgilangan tartibda ochiq ausion savdolariga chiqarilishi rejalashtirilgan.
Yuqorida ta`kidlangan tog` turizmi, sport va ekstremal mashg`ulotlarni yo`lga qo`yishda tashabbus ko`rsatgan tadbirkorlar quyidagi ma`lumotlarni Turizm va sport vazirligining info@motas.uz elektron pochtasiga yuborishlari talab etiladi:
1. Tavsiya qilinayotgan loyiha to`g`risida batafsil ma`lumotlar aks ettirilgan taqdimot (PDF formatida);
2. Loyiha uchun talab etiladigan er maydoni hamda uning joylashuvi;
3. Tashabbuskorning tegishli sohadagi va/yoki shunga o`xshash loyihalarni amalga oshirishdagi ish tajribasi to`g`risida ma`lumot.






