Bir muddat oldin hayvonot bog`ida onasi tomonidan ayiq qafasiga tashlangan, baxtli tasodif sabab yirtqichdan zarar ko`rmay qolgan qizaloq Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida davolanayotgani haqida xabar bergan edik.
Sog`liqni saqlash vazirligi shifoxonada bir necha kundan beri muolaja olayotgan qizaloqning holati bo`yicha qo`shimcha ma`lumot berdi.
Ma`lum qilinishicha, 2018 yilda tug`ilgan bemor Z. A. shu yilning 29 yanvarida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining bolalar bo`limi qabulxonasiga "Tez yordam" mashinasida olib kelingan edi.
Shundan so`ng unda standart bo`yicha nevrologik, ultratovush va bosh miya MSKTsi kabi qator tekshiruvlar amalga oshirilib, qizaloq bolalar reanimasiya bo`limiga yotqizilgan va tegishli mutaxassislar ishtirokida zarur davo choralari ko`rilgan. Uning umumiy ahvoli yaxshilangach, boshqa bo`limga o`tkazilgan.
Hozir bemor tibbiyot xodimlari nazorati ostida rejali muolajalarni davom ettirmoqda. Sog`ligi kundan kun tiklanib boryapti.
Shuningdek, Sog`liqni saqlash vazirligi bemor qizaloq Z.A.ning 18 yoshga to`lguniga qadar salomatligini doimiy nazorat qilish uchun Bolalar milliy tibbiyot markazi va uning direktori, tibbiyot fanlari doktori Alisher Sharipovni shaxsan mas`ul etib belgiladi.