AsosiyJamiyat

​O`zbekiston — Saudiya Arabistoni: Investisiya loyihalari yurtimizda tibbiyotni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda

'​O`zbekiston — Saudiya Arabistoni: Investisiya loyihalari yurtimizda tibbiyotni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vazirligida Saudiya Arabistoni Podshohligining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yusuf al-Utaybiy bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.

Unda davlatlarimiz o`rtasidagi ikki tomonlama aloqalar so`nggi yillarda jadal rivojlanib, ayniqsa, investisiyaviy sohada hamkorlik ko`lami kengayib borayotgani ta`kidlandi. O`z navbatida, bu yo`nalishdagi qo`shma dasturlar sog`liqni saqlash tizimining qator tarmoqlarini ham qamrab olmoqda.

Jumladan, Saudiya taraqqiyot jamg`armasi ishtirokida amalga oshirilayotgan ana shunday loyihalardan biri mamlakatimizdagi oltita Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazini yuqori texnologik tibbiy asbob-uskunalar va yuqori texnologiyalar bilan ta`minlashga qaratilgan.

Uning umumiy qiymati 42,45 million AQSh dollariga teng. Shundan 22,45 million dollari O`zbekiston Respublikasi hissasiga to`g`ri kelsa, qolgan 20 million dollari mazkur jamg`arma tomonidan ajratilgan kredit mablag`laridir.

Muloqotda joriy yil oxiriga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan ushbu loyiha ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida kasalliklarni erta aniqlash, ularga tezkor tashxis qo`yish, murakkab jarrohlik amaliyotlarini o`tkazish hamda davolash samaradorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Shuningdek, tomonlar tibbiyotning boshqa yo`nalishlarida ham hamkorlik aloqalarini kengaytirish yuzasidan fikr almashdi.

    Boshqa yangiliklar