AsosiyJamiyat

Kar-soqov va ko`zi ojizlar uchun kun-u, tun ishlaydigan “Call-markaz” va “Sall back” tizimi ishga tushiriladi

'Kar-soqov va ko`zi ojizlar uchun kun-u, tun ishlaydigan “Call-markaz” va “Sall back” tizimi ishga tushiriladi'ning rasmi

O`zbekistonda nogironligi bo`lgan shaxslarning murojaat, taklif va shikoyatlari bilan doimiy ishlaydigan 24/7 rejimidagi yagona “Call-markaz” faoliyatini tashkil etish hamda “Sall back” tizimini yaratish bo`yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.  Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda ishtirok etgan Tibbiy ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o`rinbosari Bahodir Karimov ma`lum qildi. 

Nogironligi bo`lgan shaxslar, jumladan nutq, eshitish va ko`rishda nuqsoni bo`lgan shaxslar uchun barcha qulayliklarga ega bo`lgan “Call-markaz” mart oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo`lib, bugungi kunda markazda faoliyat olib borish uchun 18 nafar operator, surdo tarjimon, vrach-ekspertlar o`qitilmoqda.

Shuningdek, bugungi kunda foydalanishda bo`lgan Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasining elektron bazasi inventarizasiyadan o`tkazilgan.

Mazkur elektron bazani hozirda nogironligi bo`lgan shaxslarni mahallabay xatlovdan o`tkazish natijalari bo`yicha shaxs bilan bog`liq bo`lgan batafsil ma`lumotlar bilan boyitiladi.

Shundan kelib chiqib, Savdo-sanoat palatasi huzuridagi axborot-kommunikasiya texnologiyalari markazi “SSP-Maroqand” unitar korxonasi tomonidan “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” axborot tizimi loyihasi ishlab chiqilib, tegishli idoralarga kelishish uchun yuborilgan.

Ushbu axborot tizimi nogironligi bo`lgan shaxslar to`g`risidagi ma`lumotlar bilan birga, ularning toifasi (yashil, sariq, qizil), imkoniyati va qiziqishi, bandligi, ehtiyoji hamda ularga davlat organlari tomonidan ko`rsatilayotgan ko`mak va xizmatlarni o`zida aks ettiradi.

    Boshqa yangiliklar