Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan yangi Qonun davlat organlari tomonidan fuqarolarga va tadbirkorlarga nisbatan qaror qabul qilishning yagona huquqiy standartlarini belgilaydi hamda ma`muriy jarayonlarni birxillashtirishga xizmat qiladi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar bermoqda.
Qonun ma`muriy aktlarni qabul qilish, o`zgartirish, ijro etish va bekor qilishga qaratilgan ma`muriy tartib-taomillarni amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Qonun yangi norma va mexanizmlar bilan boyitildi. Xususan, fuqarolarning huquqlarini ishonchli himoya qilinishini ta`minlash maqsadida loyihada mansabdor shaxslarga o`zboshimchalik bilan qaror qabul qilishni taqiqlash, qonun hujjatlarida mavjud bo`lgan huquqni qo`llashning rad etilishiga yo`l qo`ymaslik, vakolatni suiiste`mol qilmaslik kabi yangi prinsiplar kiritilmoqda.
Fuqaro manfaatiga salbiy ta`sir ko`rsatadigan qaror qabul qilinadigan bo`lsa, ushbu qaror qabul qilinishidan oldin fuqaro(lar)ning fikri eshitilishi shartligi belgilandi.
Ma`muriy organlar noqonuniy ma`muriy aktlar bilan manfaatdor shaxslarga etkazilgan zarar uchun qonunda belgilangan tartibda javobgar bo`lishi o`rnatilmoqda.
Fuqarolarning huquqlarini ishonchli himoya qilish maqsadida ma`muriy shikoyat bo`yicha qaror uni bergan manfaatdor shaxsning ahvolini shikoyat qilingan ma`muriy aktga nisbatan yomonlashtirishi mumkin emasligi belgilandi.
Ishonchning himoya qilinishi prinsipi kuchaytirildi. Ya`ni, ma`muriy organ tomonidan yo`l qo`yilgan xato aholi uchun nomaqbul oqibatlarni keltirib chiqarmasligi kerakligi kabi muhim normalar va ularning mexanizmlari belgilandi.
Shikoyatni ko`rib chiqish natijasida qabul qilinadigan qaror uni bergan manfaatdor shaxsning ahvolini shikoyat qilingan ma`muriy aktga nisbatan yomonlashtirishi mumkin emasligi belgilanmoqda.
Qonun fuqarolar va tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini davlat organlari xodimlarining huquqqa xilof harakatlaridan himoya qilishga, ma`muriy tartib-taomillarning yagona va shaffof mexanizmi yaratilishiga olib keladi.






