AsosiyJamiyat

“O`zbekneftegaz” Boshqaruv raisi O`zbekiston engil atletika federasiyasiga rais etib saylandi

'“O`zbekneftegaz” Boshqaruv raisi O`zbekiston engil atletika federasiyasiga rais etib saylandi'ning rasmi

Bugun Milliy Olimpiya qo`mitasi majlislar zalida O`zbekiston engil atletika federasiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo`lib o`tdi. Unda Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi MOQ rahbariyati, Turizm va sport vazirining o`rinbosari Shahrullo Mahmudov, O`zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Mahsitov, O`zbekiston engil atletika federasiyasi Ijroiya qo`mitasi a`zolari, ushbu sport turi mutaxassislari ishtirok etishdi.

Konferensiya kun tartibidan federasiyaga yangi rahbar va uning o`rinbosarlarini saylash, Prezidium va Ijroiya qo`mitasi tarkibini qayta shakllantirish kabi masalalar o`rin oldi.

Dastavval O`zbekiston engil atletika federasiyasi raisi Andrey Abduhakimovning lavozimidan ozod etish haqidagi arizasi delegatlar tomonidan qanoatlantirildi. Shundan so`ng, federasiya rahbarligiga “O`zbekneftegaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Razzoqovich Abdullaev nomzodi ilgari surildi. Ishtirokchilar ushbu nomzodni bir ovozdan ma`qullashdi va M.Abdullaev O`zbekiston engil atletika federasiyasining raisi etib saylandi.

Shuningdek, “O`zbekneftegaz” AJ Boshqaruv raisi maslahatchisi, boshqaruv apparati rahbari Kamoliddin Usmonov federasiya raisining umumiy ishlar bo`yicha birinchi o`rinbosari, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi direktori Akbar Fozilov moliyaviy ishlar bo`yicha rais o`rinbosari, Barselona-1992 Olimpiya o`yinlari chempioni Andrey Abduvaliev esa sport masalalari bo`yicha rais o`rinbosari etib saylanishdi.

Qayd etish joiz, engil atletika yirik kompleks musobaqalarda eng ko`p medallar taqdim qiladigan sport turi hisoblanadi. Tadbir davomida so`z olgan R.Shoabdurahmonov, Sh.Mahmudov, B.Mahsitov buni alohida ta`kidlab, Mehriddin Razzoqovichning haqiqiy sport jonkuyari ekanligi, shu paytga qadar mamlakatimizda bir qator futbol klublari va O`zbekiston engil atletika federasiyasini qo`llab-quvvatlab kelgani, ommaviy sport tadbirlari va turli marafonlar o`tkazishda ko`rsatgan jonbozligini alohida ta`kidlab o`tishdi va unga yangi lavozimda omad va zafarlar yor bo`lishini tilashdi.

O`z navbatida, federasiya raisi sifatida yangi saylangan M.Abdullaev bildirilgan yuksak ishonch uchun konferensiya ishtirokchilariga minnatdorchilik izhor etib, ushbu sport turini yanada rivojlantirish va yoshlar o`rtasida ommalashtirish, federasiya inftaruzilmasini yaxshilash, terma jamoalarni yirik kompleks musobaqalarga munosib tayyorlash borasida bor kuch va imkoniyatini ishga solishga va xalqaro maydonda qo`lga kiritiladigan yutuqlar orqali Prezidentimiz barpo etayotgan Yangi O`zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo`shishga va`da berdi.

Shuning bilan, O`zbekiston engil atletika federasiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konfederasiyasi o`z ishini yakunladi.

    Boshqa yangiliklar