Shu yilning yanvar oyida Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonalariga jami 8601 nafar bemor murojaat qilgan bo`lib, ulardan 6856 nafarini kattalar, 811 nafarini homilador ayollar, 934 nafarini esa bolalar tashkil etdi. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, ushbu bemorlarning 8243 nafari koronavirusga qarshi vaksina olmagan. Kasallanganlarning bor-yo`g`i 358 nafari, ya`ni 4,1 foizi COVID-19 ga qarshi emlangan, xolos. Ularning orasida o`lim holati qayd etilmagan.
Aksincha, vaksina olmagan bemorlarda kasallik og`ir va o`ta og`ir darajada kechib, hatto, o`lim holatlari ham kuzatilgan.
Shundan kelib chiqqan holda, Sog`liqni saqlash vazirligi yana bir bor yurtdoshlarimizni o`z salomatligiga e`tiborli bo`lib, koronavirusga qarshi vaksina olishga hamda buster doza bilan emlanishga chaqiradi.






