Termiz tumani pochta bog`lanmasi sobiq hisobchilari aholidan yig`ilgan mablag`larni talon-toroj qilganligi aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar qildi.
Departamentning Termiz tuman bo`limi tomonidan “O`zbekiston pochtasi” AJ Surxondaryo filialining murojaatiga asosan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Uchqizil” pochta aloqa bog`lanmasi sobiq bosh hisobchilari A.A. va O`.M.lar aholi bilan naqd pul va bank plastik kartalari orqali amalga oshirilgan operasiyalari bo`yicha qabul qilingan 127,3 mln so`mni talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






