Avval xabar qilganimizdek, ayni paytda Prezident raisligida videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tmoqda.
Unda ma`lum qilinishicha, 2021 yilda Chiroqchida 43 ta, Namangan shahrida 42 ta, Yangiyo`l tumanida 34 ta, Urgutda 28 ta, Andijon tumanida 20 ta avariyada odamlar hayotdan bevaqt ko`z yumgan.
"Ushbu tuman va shahar hokimlari, ichki ishlar boshliqlari va prokurorlari ishdan olinib, uch oy sinov muddati berildi. Agar ular ushbu muddatda o`zgarish qilmasa, javobgarlikka tortiladi", - dedi Prezident.
Shu bilan birga, bunday favquloddagi holatga nisbatan Oliy Majlis, mahalliy kengashlar deputatlarining ovozi eshitilmayotgani, Senat, Qonunchilik palatasi, kengashlar yo`l harakati xavfsizligini biror marta muhokama qilmagani qayd etildi.
“Nimaga hokimlar, ichki ishlar, “GAI”, transport sohasi rahbarlarining hisoboti eshitilib, mas`uliyati ko`rib chiqilmagan? Shuning uchun bu muhim masala bilan shaxsan o`zim shug`ullanishga majbur bo`ldim”, dedi davlat rahbari.
Yig`ilishda Namangan viloyati IIB boshlig`i, Andijon va Samarqand viloyatlari YXHB boshliqlarini ishdan olishga ko`rsatma berildi. Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`iga qat`iy ogohlantirish berildi.






