"O`zbekiston ilm-fani og`ir judolikka uchradi.
Tarix, arxeologiya va san`atshunoslik sohasidagi taniqli olim, O`zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Edvard Vasilevich Rtveladze 79 yoshida vafot etdi.
E.Rtveladze 1942 yil 14 mayda Gruziya Respublikasining Borjomi shahrida tug`ildi. 1967 yili Toshkent davlat universitetini tugatib, San`atshunoslik institutida laborant lavozimida mehnat faoliyatini boshladi. 1975 yilda nomzodlik, 1989 yilda doktorlik dissertasiyasini himoya qildi. 1995 yilda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a`zosi etib saylandi.
Iste`dodli olim o`zining qariyb 60 yillik ilmiy faoliyati davomida San`atshunoslik institutining kichik ilmiy xodimi, katta ilmiy xodimi, bo`lim mudiri hamda O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va ommalashtirish bo`yicha Butunjahon jamiyati ilmiy kengashining raisi lavozimlarida samarali faoliyat ko`rsatib, mamlakatimizda ilm-fan rivojiga munosib hissa qo`shdi.
Zahmatkash olimning O`rta Osiyoning qadimiy va o`rta asrlar tarixi, arxeologiyasi, numizmatika va epigrafikasi, san`ati va madaniyati tarixiga bag`ishlangan yuzlab maqola va tadqiqotlari, monografiya va risolalari yurtimiz hamda dunyo olimlari va mutaxassislariga yaxshi ma`lum.
Jonkuyar ustoz sifatida ko`plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan fidoyi olimning bevosita rahbarligida o`nlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.
E.V.Rtveladze mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy hayotida ham faol ishtirok etib, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a`zosi sifatida samarali faoliyat olib bordi.
Akademik E.Rtveladzening mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U O`zbekiston Respublikasining Davlat mukofoti, “Buyuk xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati” va “El-yurt hurmati” ordenlariga sazovor bo`lgan edi.
Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin va samimiy inson Edvard Rtveladzening xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi"
Sh.Mirziyoev, T.Norboeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, B.Yo`ldoshev






