Ijtimoiy tarmoqlarda “Tong saharda yig`ilish o`tkazishning gashti bo`lak-da...” sarlavhali xabar tarqaldi.
Holat yuzasidan Davlat mehnat inspeksiyasi o`rganish o`tkazdi, deya xabar bermoqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot xizmati.
Ma`lum qilinishicha, bugun ertalab ushbu xabarga aniqlik kiritish maqsadida, vazirlik Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig`i Qudratullo Odinaev Toshkent viloyati hokimligiga bordi.
Inspeksiya xodimlari soat 07:10 atrofida hokimiyat binosiga kirib borishganda, majlis o`tkazilayotganligini aniqlashdi. Biroq, yig`ilganlar vazirlik vakillarini ko`rishi bilan majlisdan chiqib ketishgan.
Mazkur holatda O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 49-moddasi 1-qismida ko`rsatilgan ma`muriy huquqbuzarlik alomatlari mavjud.
"Hurmatli yurtdoshlar, mehnat munosabatlariga oid murojaatlar yuzasidan Davlat mehnat inspeksiyasining 1176 qisqa raqamlariga, vazirlikning 71-200-06-00 ishonch telefoniga hamda www.dmi.mehnat.uz saytiga murojaat qiling. Shaxsingiz sir saqlanishi kafolatlanadi", - deyilgan vazirlik xabarda






