Ijtimoiy tarmoqlarda xorijdan keltiriladigan ot hayvoni ichaklarining barchasi “harom” ekani haqida xabar tarqaldi.
Ushbu masalaga aniqlik kiritish maqsadida, O`zbekiston musulmonlari idorasida ko`p yillardan buyon qazi mahsulotlarini tayyorlash bilan shug`ullanadigan, katta tajribaga ega bo`lgan soha mutaxassislari bilan uchrashuv o`tkazildi.
Muloqotda har yili O`zbekistonga xorijdan bir necha tonna atrofida qazi tayyorlash uchun ishlatiladigan ichaklar olib kelinishi va ular asosan Turkiya, Qirg`iziston, Qozog`iston, Mongoliya, Ispaniya, Polsha kabi mamlakatlardan ekani aniqlangan.
Oxirgi yillarda mazkur yurtlardan pandemiya sababli ichaklar deyarli import qilinmagan ekan. Mongoliya va Polsha davlatlaridan olib kelinadigan ichaklar “halol” yoki “harom” ekani hozircha aniq tasdig`ini topmadi. Ammo Turkiya, Qirg`iziston, Qozog`iston va Ispaniya davlatlaridan olib kelinadigan ichaklarni halol ekani ta`kidlandi.
Ta`kidlanishicha, yurtimizda otlar halol yo`l bilan so`yilgani uchun uning ichaklaridan tayyorlanadigan qazi mahsulotlari yoki turli taomlar yoxud qazining ichagi qaynatilgan suvlarning barchasi halol-pokdir.
"Shunday ekan, ko`pchilik iste`mol qiladigan mahsulotni chuqur o`rganmasdan, uning hammasini haromga chiqarish aslo to`g`ri bo`lmaydi. Bunday fatvo berishga faqatgina yurtning Muftiysidan boshqa hech kimning haqqi yo`q. Chunki noto`g`ri berilgan fatvo oqibatida juda ko`plab tushunmovchilik va odamlarning tinchini buzish hamda turli ko`ngilsiz ishlarga sabab bo`linadi.
Ta`kidlash joizki, hadisi shariflarda fatvo berish vazifasi o`ta mas`uliyati va katta javobgarlik mavjudligi haqida ko`p va`idlar kelgan. Ya`ni, voqelikni to`liq o`rganmay, etarli bilim va tajriba orttirmay turib, qo`rqmasdan fatvo berishdan qaytarilgan.
Demak, ko`p izlanmay va mulohazasiz qilingan chiqishlar jamiyatda turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqaradi. Shunday ekan, dolzarb masalada etarli ilmga ega bo`lmay, uni chuqur tahlil etmay, soha mutaxassislarining fikrlariga quloq tutmay va haqiqiy holatni inobatga olmay aytilgan har qanday gap, hatto uni ahli ilm aytgan bo`lsa ham, fatvo hisoblanmaydi hamda shar`iy kuchga ega bo`lmaydi.
Mazkur muloqotda soha mutaxassislariga diyorimizga olib kelinadigan ichaklar dinimiz talabi asosida so`yilgan ot hayvoniga tegishli ekaniga e`tibor qaratish va barcha zarur chora-tarbirlarini ko`rish tushuntirildi.
O`z navbatida ta`kidlaymizki, diniy masalalarni bayon etishda vakolati va salohiyati bo`lmagan, turli shaxslarning fikr bildirishlari shar`an joiz emas. Yuqorida bayon etilganidek, Fatvo maqomidagi masalalarda o`lkamizda faqatgina O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy va u kishi rahbarligidagi Ulamolar Kengashi yoki Fatvo hay`ati qaror chiqarishga haqlidir.
Alloh taolo barchamizni to`g`ri yo`lda bardavom qilsin!", – deyladi O`zbekiston musulmonlari idorasi munosbatida.






