Rossiyaning Ukrainaga hujum qilishi haqidagi xabarlar tobora ko`payib bormoqda. 11 fevral kuni Evroittifoq, NATO, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Polsha va Ruminiya vakillari bilan bo`lib o`tgan videomuloqotda AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya 16 fevralda Ukrainaga hujum qilishi mumkinligidan ogohlantirgan. Bloomberg agentligi Rossiya 15 fevral kuni Ukrainaga hujum qilishi haqida xabar bergan.
12 fevral kuni Toshkent vaqti bilan taxminan 18:00 da Ukraina sharqida joylashgan Donesk shahrida portlash bo`lgani haqida xabarlar tarqaldi. Ma`lumotlarga ko`ra, 152 mm.lik snaryad Doneskka kelib tushgan.
Ukraina prezidenti Zelinskiy aholini vahimaga berilmaslikka chaqirib, urush xavfi borligini rad etgan. Ammo butun dunyodagi siyosiy kuchlar Ukrainadagi vaziyatni boshlanayotgan urush sifatida baholamoqda. Xususan, NATO bosh kotibi Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli Evropada urush xavfi yuqori ekanligini ma`lum qildi.
So`nggi paytlarda Rossiyaning Ukraina hududiga bostirib kirishi haqidagi xabarlarni Rossiya Federasiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov asossiz deb atadi. Peskov Rossiya hech kimga tahdid solmasligini ta`kidlagan.
Bir qator davlatlar o`z fuqarolarini bu davlatni tark qilishga chaqirishdi, ular orasida Yaponiya, Norvegiya, Chernogoriya, Belgiya, Kuvayt, Germaniya, Ispaniya kabi mamlakatlar bor. AQSh, Kanada, Avstraliya va Buyuk Britaniya diplomatik vakolatxonalarini Kievdan Lvovga ko`chirmoqda. Evropa Ittifoqi hali ham Ukraina poytaxtida diplomatik ishtirokini saqlab turibdi.





