AsosiyJamiyat

Bugun Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun

'Bugun Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun'ning rasmi

Bugun "Boburiylar" saltanatiga asos solgan davlat arbobi va taniqli shoir Zahiriddin Muhammad Bobur  tavallud topgan kun. U mazkur sulolaning bunyodkorlik va ma`rifatparvarlik ishlarini olib borgani tarixdan yaxshi ma`lum. 

Zahiriddin Muham­mad Bobur 1483 yil 14 fevralda Andijon shahrida tug`ilgan. Otasi, Amir Temurning pannevarasi Umarshayx Mirzo Fargona viloyati hokimi bulgan va onasi Qutlug Nigor xonim Toshkent xonlari avlodidan bo`lgan. 1494 yili Umarshayx Mirzo vafot etgach, 12 yoshli Zahiriddin taxtga o`tirib, Fargona hokimi bo`lgan. Ammo taxtga o`girgandan keyingi 11 yil davomida O`rta Osiyoda ro`y bergan turli siyosiy o`zgarishlar uni qarindoshlari va 250 tacha piyoda askarlari bilan avval Badaxshon, so`ng Kobulga ketishga majbur etgan.

Bobur Hindistonda yirik davlat tuzishga muvaffaq bo`lgan va poytaxt sifatida Jamna (Yamuna) daryosi bo`yidagi Agra shahrini tanlagan. U 1530 yil 26 dekabrda vafot etgan. Dastlab Agra shahridagi muvaqqat maqbaraga dafn etilgan, keyinchalik xoki Afgoniston poytaxti Kobulga ko`chirilgan va hozirda shoirning maqbarasi Kobuldagi Bog`i Boburda joylashgan.

 Zahiriddin yoshligidanoq turli sayohatlarni yaxshi ko`rgani haqida ma`lumotlar bor. Bunday safarlarda chiniqqan ham. Yosh bo`lishiga qaramay, o`lkamizning geografik qiyofasini tasavvur qila olgan. Olim 15-16 yasharligida Farg`ona, Samarqand va Toshkent oralig`ini bir necha marta kezib chiqqan. 19 yoshga to`lgan yili Hisor tarafidan toqqa ko`tarilib, Fondaryo va Iskandarko`l orqali Zarafshon vodiysiga o`tib, Samarqandga kelgan. U bu haqda shunday yozadi: 

"Qamrud darasiga kirib, yuqori tomonga qarab ketdik. Tor va uchma yo`llarda, baland va tik dovonlarda ko`p ot va tuya qoldi. Uch-turt manzil qo`nib, Siratog` dovoniga etdik. Dovonmisan-dovon. Hech qachon bunday baland va uchma yo`llar bilan yurmagan edik. Ko`p tashvish va mashaqqatlar bilan xatarli tor va uchmalardan o`tib, yuz azobu zahmatlar bilan halokatli balandliklar, tor dovonlardan oshib, Fon tumaniga keldik. Fon tog`larining orasida bir katta ko`l bor, uning muhiti - sathi taxminan bir sha`riy keladi, ajab ko`ldir, g`aroyibotdan holi emas..."

 Boburning mazkur safari bundan 480 yilcha ilgari amalga oshirilganligini inobatga olsak, uning sarguzashtlarga qanchalik ishqiboz bo`lganiga amin bo`lish mumkin.

Olimning yaratgan badiiy asarlari bilan bir qatorda O`rta Osiyo, Afg`oniston va Hindiston davlatlarining geografiyasi, tarixi, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, tabiati, etnografiyasi va tibbiyotiga oid muhim ma`lumotlarni o`zida aks ettirgan "Boburnoma" alohida o`rin tutadi. "Boburnoma" Zahiriddin Muhammad Boburning Farg`onadagi yoshlik chog`laridan to Hindistonda podshoh bo`lganigacha boshdan o`tkazganlarining mufassal ta`rifidir.

Shunisi e`tiborliki, istalgan fan yoki kasb vakili mazkur kitobdan o`zi uchun kerakli ma`lumotni topa oladi. "Boburnoma" eski o`zbek tilida yozilgan bo`lib, zamonaviy o`zbek tiliga o`girilgan.

Boburning qoldirgan ilmiy merosi muhim tarixiy-geografik manba sifatida hozirgi vaqtda ham olimlar tomoni­dan keng o`rganilmoqda. Ushbu shoh asar arab, fors, hind, ingliz, nemis, fransuz, golland va turk tillariga tarjima qilingan bo`lib, ko`plab nusxalari jahonning nufuzli kutubxonalarida saqlanmoqda. Markaziy Osiyoni o`rgangan vengriyalik sayyoh A.Vamberining fikricha, Boburning "Boburnoma"si Yuliy Sezarning "Kommentariya"lari kabi jahon adabiyotida katta o`rin egallaydi.

    Boshqa yangiliklar