1

Maktablardagi kadr xizmati xodimlariga 16 milliard so`m kam oylik to`langanligini aniqladi — Adliya vazirligi

Jamiyat 14.02.2022, 12:09
Maktablardagi kadr xizmati xodimlariga 16 milliard so`m kam oylik to`langanligini aniqladi — Adliya vazirligi

Adliya vazirligi tizimidagi Yuridik xizmat ko`rsatish markazlari tomonidan respublikadagi 9 758 ta davlat o`rta ta`lim maktablaridagi kadrlar xizmati xodimlariga oylik maosh to`lash amaliyoti o`rganildi. Bu haqda Adliya vazirligi Matbuot xizmati rahbari Sevara O`rinboeva xabar qilmoqda. 

Ma`lum qilinishicha, o`rganish o`tkazilgan maktablarda 9 787 ta kadrlar xizmati xodimlari shtat birliklari mavjud bo`lib, ularda 9 937 nafar (0,5 stavka ham qo`shib hisoblaganda) xodimlar faoliyat yuritmoqda. Ushbu xodimlarning 911 nafari oliy ma`lumotli, 9 026 nafari oliy ma`lumotga ega bo`lmagan mutaxassislardir.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko`ra, oliy ma`lumotli xodimlarning lavozim razryadlari – 7-razryad, oliy ma`lumotli bo`lmagan xodimlarning lavozim razryadlari – 6-razryad etib belgilangan.

Biroq o`rganish davomida aksariyat tuman va shahar xalq ta`limi bo`limlari tomonidan maktablardagi kadrlar bo`limi xodimlarining mehnatga haq to`lash bo`yicha lavozim razryadlari past belgilangani aniqlandi.  

Xususan, 160 ta holatda 2-razryad, 1 353 ta holatda 3-razryad, 48 ta holatda 4-razryad, 4 000 ta holatda 5-razryad, 4 160 ta holatda 6-razryad va 216 ta holatda 7-razryad etib belgilangan.

Qonunchilikka zid ravishda past razryad bo`yicha ish haqi to`lanish holatlari yuzasidan hududiy adliya organlari tomonidan 1 832 ta ta`sir choralari kiritilib, unga ko`ra 6 038 ta xodimning lavozim razryadini muvofiqlashtirish so`ralgan.

Bundan tashqari, qonunchilik talablariga zid ravishda xodimlarning mehnatga haq to`lash bo`yicha lavozim razryadlari asossiz pasaytirilishi natijasida jami 16 mlrd. so`mga oylik maoshlar kam to`langan.

Hozirda hududiy adliya organlari tomonidan sudlarga tegishli da`vo arizalari kiritilib, kam hisoblangan oylik maoshlarini to`latib berish choralari ko`rilmoqda.

Hozirgacha adliya bo`limlari tomonidan ko`rilgan choralar natijasida 3 mlrd. so`m to`lab berildi va qolgan qismini ham undirish choralari ko`rilmoqda.

Ma`lumot uchun: Preziden qaroriga muvofiq 2021 yil 1 oktyabrdan respublikamizning barcha hududlarida Adliya vazirligi tizimida Yuridik xizmat ko`rsatish markazlari tashkil etilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1